Pokiston Markaziy Osiyo mamlakatlarini, jumladan Turkmanistonni Arab dengizi sohilidagi Gwadar va Karachi portlari bilan bogʻlovchi transport yoʻlaklarini modernizatsiya qilishni taklif qildi.

Ushbu tashabbus Pokistonning rejalashtirish, rivojlantirish va maxsus tashabbuslar boʻyicha federal vaziri Ahsan Iqbal tomonidan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining (CAREC) 25-vazirlar konferensiyasida ilgari surildi. Konferensiya Mongiliya poytaxti Ulan-Bator shahrida boʻlib oʻtdi.

Pokiston tomonidan taqdim etilgan takliflar CAREC dasturi transport yoʻlaklarini keng koʻlamda modernizatsiya qilishni hamda ularni shunchaki yuk tashish yoʻnalishlari emas, balki toʻlaqonli iqtisodiy yoʻlaklarga aylantirishni nazarda tutadi.

Forum doirasida Pokiston delegatsiyasi rahbari Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda bilan ham uchrashib, eksportni tezlashtirish boʻyicha qoʻshma dasturlar va mintaqa uchun muhim boʻlgan infratuzilma obyektlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Pokiston tomoni CARECning 5- va 6-transport yoʻlaklarini rivojlantirishning strategik ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi. Ushbu yoʻnalishlar Turkmaniston–Afgʻoniston–Pokiston yoʻnalishi boʻyicha Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va Arab dengizi sohilidagi dengiz portlari bilan bogʻlovchi tranzit transport tizimini yaratish imkonini beradi.

Taklifning asosiy yoʻnalishlaridan biri transport yoʻlaklari boʻylab iqtisodiy faollikni oshirishdan iborat. Shu munosabat bilan asosiy transport magistrallari boʻyicha logistika va ishlab chiqarish markazlari, multimodal omborlar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun muzlatgichli majmualar, shuningdek mahsulotlarni yigʻish va qadoqlash korxonalarini tashkil etish taklif etilmoqda.

Transport yoʻlaklarining samaradorligini oshirish maqsadida Pokiston yagona raqamli yoʻlakni yaratishni ham taklif qilmoqda. Ushbu tizimda «Yagona deraza» tamoyilidan foydalanish, chegaralarda dastlabki elektron maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish va ML-1 temir yoʻl magistralini modernizatsiya qilish koʻzda tutilgan.

Ushbu chora-tadbirlarning kompleks amalga oshirilishi mintaqa mamlakatlari ishlab chiqaruvchilari va eksportchilariga tovarlarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish, Janubiy Osiyo bozorlariga hamda jahon dengiz savdo yoʻllariga toʻgʻridan-toʻgʻri va ishonchli chiqish imkonini kengaytirib berishi mumkin.

Kelgusida ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ham yaratiladi. 2027-yilda Pokiston CAREC dasturiga raislik qiladi va dasturning 26-vazirlar konferensiyasini oʻtkazadi.

Ulan-Batorda oʻtkazilgan forum doirasida CAREC Kapital bozorlarini rivojlantirish forumi bilan ASEAN Kapital bozorlari forumi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan memorandum imzolandi. Hujjat mintaqada moliyaviy integratsiyani yanada chuqurlashtirishni maqsad qilgan.