Pokistonning Peshovar shahrida maktab tomining qulashi oqibatida kamida 30 kishi, jumladan, 28 nafar bola va ikki nafar o‘qituvchi halok bo‘ldi. Yana 50 kishi jarohat oldi. Bu haqda «Belta.by» nashri «The Express Tribune»ga tayanib xabar berdi.

Hodisa oqibatida jarohatlanganlar shifoxonalarga yotqizildi. Ularning ayrimlarining ahvoli og‘ir ekani xabar qilinmoqda.

Hodisa joyida favqulodda xizmatlar xodimlari qutqaruv ishlarini olib bormoqda. Vayronalar ostida qolgan odamlarni qidirish ishlarida Pokiston harbiy xizmatchilari ham qatnashmoqda. Ular jabrlanganlarni shifoxonalarga olib borish va qulagan inshoot qoldiqlarini tozalashga yordam bermoqda.

Mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, maktab tomining qurilishidagi nuqsonlar hodisaga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maktabning aholi zich yashaydigan hududda joylashgani va ko‘chalarning torligi qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda.

Maktabda jami 110 nafar o‘quvchi ta’lim olgan. Xabar qilinishicha, tom qulagan paytda binoning yuqori qavatlarida 30 nafarga yaqin bola bo‘lgan. Hodisa sabablarini aniqlash uchun tergov ishlari olib boriladi. Shu munosabat bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi kutilmoqda, maktab egasi esa qo‘lga olingan.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. U qutqaruv ishlarini tezlashtirish va jarohatlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.