
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raqamli formatda Vazirlar Kabineti yig‘ilishini o‘tkazdi. «Mustaqil, doimiy betaraf Turkmaniston – jadal taraqqiyot yurtidir» deb e’lon qilingan yilda bo‘lib o‘tgan ilk yig‘ilishda davlat hayotiga doir bir qator masalalar muhokama qilindi. Bu haqda «Watan» axborot dasturida xabar qilindi.
Avvalambor, Mejlis Raisi D. Gulmanovaga so‘z berildi. U Turkmanistonning qonunchilik-huquqiy asosini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, ishchi guruhlar doirasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, migratsiya masalalarini takomillashtirish, baliq resurslari va gidrogeologik boyliklarni muhofaza qilish, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yanada jadallashtirish hamda aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini zamon talablariga mos ravishda yangilash ishlari olib borilmoqda.
Davlat rahbari zamon talablariga javob beradigan yangi qonun loyihalarini sifatli tayyorlash muhim vazifa ekanini ta’kidladi va bu boradagi ishlarni davom ettirishni topshirdi.
Shundan so‘ng vitse-premyerlar o‘zlari mas’ul bo‘lgan sohalar bo‘yicha 2026 yilgi ish rejalarining hisobotini taqdim etdilar.
Prezident hisobotlarni tinglab, mamlakatning turli tarmoqlarida, milliy iqtisodiyot sohalarida olib borilayotgan ishlar, bo‘lajak tadbirlar, tarmoqlarni yanada rivojlantirish va xalqaro hamkorlik masalalari yuzasidan aniq topshiriqlar berdi. Shuningdek, 2026 yil uchun ish rejalarini ma’qullab, ularni amalga oshirishni topshirdi.
Yig‘ilishda davlat hayotiga oid boshqa muhim masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Keywords