
Mashhur mutaxassis Qurbon Berdiyev “Spartak” klubi bosh murabbiyligi lavozimiga tayinlanishi arafasida muvaffaqiyatsiz yakunlangan muzokaralar haqida ilk bor bayonot berdi. Berdiyev “Rostov” jamoasini boshqarib yurgan davrda tomonlar hamkorlik qilishga juda yaqin kelishgandi. Biroq eng so‘nggi pallada shartnoma amalga oshmay qolgan.
Berdiyev Leonid Fedun bilan og‘zaki kelishuvga erishganiga qaramay, nima uchun “Spartak”ga “yo‘q” deganining sababini tan oldi. Murabbiyning aytishicha, unga yanada manfaatliroq boshqa bir taklif kelib tushgan, ammo yakunda u taklifdan ham hech narsa chiqmagan. Berdiyev “Spartak”ning taklifini rad etish borasida qabul qilgan qaroridan shu kungacha afsuslanib yurganini ta’kidlaydi.
“Bu yerdagi asosiy sabab — mening o‘zim. ‘Spartak’ tomonidan hamma narsa eng yuqori darajada edi. Men Fedun bilan ikki marta uchrashdim. Barcha narsani gaplashib oldik. Hatto men jamoani Qozonda qabul qilib olishim kerak edi, u yerga uchib borishim lozim edi, ‘Rubin’ bilan o‘yin bor edi. Men esa ‘Rostov’da edim. Hamma narsa bo‘yicha kelishgandik. Keyin esa qayerdandir bir taklif paydo bo‘ldi, klubning nomini aytmay qo‘ya qolaylik. Mana, o‘shanda mening fikrim o‘zgardi va men rad javobini berdim. Bundan shunchalik afsuslanaman”, — deydi Berdiyev.
“Fedun bilan juda professional va aniq suhbat bo‘lgandi. Uning oldida shunday uyalaman. Ba’zida bu qarorim uchun undan shunchaki uzr so‘ragim keladi. Uning uchun ham bu holat yoqimsiz bo‘lgani tushunarlidir. Chunki, katta odamlardek, allaqachon dastlabki kelishuvga erishilgandi. Ammo, mana, shunday ish bo‘ldi… Bu mening ichki g‘ussam. Biroq baribir men ‘Spartak’ka muxlislik qilishda davom etyapman”, — dedi Berdiyev “Cappuccino & Catenaccio” dasturiga bergan intervyusida.
Qurbon Berdiyev hozirgi vaqtda Ozarbayjonning “Turan-Tovuz” jamoasiga murabbiylik qilmoqda. U ushbu jamoani chempionatda 3-o‘ringa olib chiqdi va jamoa kelgusi mavsumda Yevropa kuboklarida ishtirok etadi.
Keywords