Quvayt Savdo-sanoat palatasi raisi Firas Al-Oda energetika, neft-kimyo, to‘qimachilik sanoati hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish mamlakat xususiy sektori uchun qiziqish uyg‘otadigan sohalar ekanini ta’kidladi va bu yo‘nalishlardagi hamkorlikda Turkmanistonning strategik ahamiyatini qayd etdi. Bu haqda Firas Al-Oda dushanba kuni Al-Quvayt shahrida Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi raisi Mergen Gurdov boshchiligidagi turkman delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.
“KUNA” nashrining xabar berishicha, Al-Oda iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochish hamda Turkmaniston bilan sheriklikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Quvayt Savdo-sanoat palatasida turkman iqtisodiy delegatsiyasi sharafiga tashkil etilgan qabul marosimida Al-Oda so‘zga chiqib, ushbu uchrashuv ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyihalarni rag‘batlantirish hamda uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun amaliy maydon bo‘lib xizmat qilishini aytdi.
O‘z navbatida, Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi raisi Mergen Gurdov Quvayt Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlik bo‘yicha bayonnoma imzolashga hamda tegishli tuzilmalar bilan aloqalarni rivojlantirishga mamlakat qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Ko‘rfaz mamlakatlari bozorlariga chiqishda Quvaytning strategik jihatdan muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv doirasida turkman tovarlari, sayyohlik ob’ektlari, sanoat korxonalari hamda mamlakatning texnologik kompaniyalariga bag‘ishlangan multimedia taqdimoti o‘tkazildi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.