Rossiya Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston va Pokiston orqali Hind okeaniga chiqadigan yangi temir yo‘l yo‘nalishlarini rivojlantirish zarurligini ta'kidlaydi.

Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Hukumatining bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin TASS axborot agentligiga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda xalqaro transport yo‘nalishlarida yuzaga kelayotgan geosiyosiy tavakkalchiliklar va an'anaviy dengiz yo‘llarining beqarorligi Janubiy Osiyo tomon yangi quruqlik o‘tish yo‘llarini yaratish ahamiyatini oshirmoqda.

M. Xusnullin Bosfor va Hormuz bo‘g‘ozlaridagi vaziyat transport-logistika yo‘nalishlariga ta'sir ko‘rsatayotganini ta'kidlab, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston va Pokiston orqali o‘tadigan temir yo‘l yo‘nalishlarini rivojlantirish Rossiya uchun muhim yo‘nalishlardan biri ekanligini aytdi.

Uning fikricha, ushbu yo‘nalishda yaratiladigan transport yo‘laklari Rossiyaning tovar oqimlarini Hind okeanidagi portlarga chiqarishga va Hindiston bozoriga yanada qulay yo‘l ochishga imkon berishi mumkin.

So‘nggi paytlarda Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat sababli Markaziy Osiyoda muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirish ahamiyati yana-da oshdi. Ushbu bo‘g‘oz jahon neft savdosining taxminan to‘rtdan bir qismini va suyultirilgan tabiiy gazning beshdan bir qismini tashish asosiy dengiz yo‘llaridan biri hisoblanadi.

Turkmaniston qulay geografik joylashuvi, rivojlantirilayotgan temir yo‘l tizimi va xalqaro transport loyihalaridagi o‘rni bilan mintaqada muhim logistika markazi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, Turkmaniston orqali o‘tadigan «Shimol — Janub» transport yo‘lagining imkoniyatlarini kengaytirish Yevrosiyo makonida savdo munosabatlarini rivojlantirishga, yuk tashish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.