Rossiyalik aralash yakkakurashlar (MMA) jangchisi Usmon Nurmagomedov amerikalik Archi Kolganni magʻlub etib, Professional Fighters League (PFL) tashkilotining yengil vazn toifasidagi chempionlik kamarini himoya qildi. Jang AQShning Nyu-York shahrida boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv ikkinchi raundda yakunlandi. Rossiyalik sportchi texnik nokaut bilan gʻalaba qozondi.
Nurmagomedov PFLdagi chempionlik kamarini ikkinchi marta muvaffaqiyatli himoya qildi. U bu kamarni oʻtgan yilning oktyabr oyida irlandiyalik Pol Hyuzni hakamlar qarori bilan yengib qoʻlga kiritgandi.
Joriy yilning fevral oyida esa britaniyalik Alfi Devisni yengdi. 2022–2025-yillarda u Bellator tashkilotining chempioni boʻlgan.
28 yashar Usmon Nurmagomedov sobiq UFC chempioni Habib Nurmagomedovning amakivachchasidir. Hozirgi vaqtga qadar uning hisobida 22 ta gʻalaba, magʻlubiyatlar yoʻq, yana bitta jang esa oʻtkazilmagan deb topilgan.
31 yashar Archi Kolgan esa professional faoliyatida ilk bor yengildi. Bungacha u ketma-ket 15 ta gʻalaba qozonib kelayotgandi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.