12-avgust kuni «Avaza» milliy sayyohlik zonasida Kaspiy dengizi xalqaro kuni munosabati bilan anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Ovezgeldi Goshjanov, Kaspiy dengizi instituti direktori Myrat Atajanov hamda xorijiy elchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Anjumanda so‘zga chiqqan Eron Islom Respublikasining Turkmanistondagi elchisi Ali Mojtaba Ruzbehani ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi. U bundan roppa-rosa yigirma yil muqaddam beshta Kaspiybo‘yi davlati dengiz atrof-muhitini muhofaza qilish bo‘yicha muhim kelishuvni imzolaganini eslatib o‘tdi.
Elchi o‘tgan davr mobaynida tomonlar ekologiya, xavfsizlik, huquqiy maqom, kemachilik va iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarida aloqalarni rivojlantirganini ta'kidladi. Shu bilan birga, Tehron konvensiyasi kotibiyatini tashkil etish, to‘g‘ri boshlang‘ich chiziqlarni belgilash va harbiylik sohasida ishonchni mustahkamlash kabi masalalar hali ham kun tartibida turganini aytdi.
Ruzbehani Eron 2026-yilning 23-sentabrida Tehron shahrida Tehron konvensiyasiga a'zo tomonlarning 7-konferensiyasini (COP7) o‘tkazishga to‘liq tayyorligini ma'lum qildi. Bu boradagi tayyorgarlik Jenevadagi vaqtinchalik kotibiyat va boshqa a'zo davlatlar bilan birgalikda olib borilmoqda.
Shuningdek, elchi so‘nggi o‘n yillikda Kaspiy dengizi suv sathining pasayishi muammosiga to‘xtalib, Eron ushbu jarayonga qarshi birgalikdagi tashabbuslarni, jumladan tezkor axborot almashinuvi tizimini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning Kaspiy ekologik sammitini o‘tkazish bo‘yicha tashabbusini yuqori baholadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.