
Turkmanistonning yosh sportchisi Alixan Nuryagdiyeff xalqaro tennis maydonida katta muvaffaqiyatga erishib, o‘zini tanitishga muvaffaq bo‘ldi. U 25-30-may kunlari Qozog‘istonning Aktobe shahrida bo‘lib o‘tgan «Aktobe Masters 10&Under GA Road to TOP 8» nomli nufuzli xalqaro musobaqada birvarakayiga ikkita oltin medalga loyiq ko‘rildi.
Ushbu xalqaro musobaqada 10 yoshgacha bo‘lgan 96 nafar o‘g‘il bola va 96 nafar qiz bola ishtirok etdi, ular turli mamlakatlardan kelgan eng kuchli bolalar tennisi vakillaridir. Shiddatli raqobatga va yoshi kichikligiga qaramay, 8 yoshli Alixan Nuryagdiyeff ham yakkalik, ham juftlik bahslarida o‘zining mahoratini va ishonchli o‘yinini ko‘rsatishni uddaladi.
Yakkalik bahslarida 60-raqam ostida ishtirok etgan hamyurtimiz barcha raqiblarini mag‘lub etdi va finalda musobaqaning 5-raqamli tennischisi, qozog‘istonlik G.Istominni 4:1, 4:2 hisobida yutib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Juftlik bahslarida ham Alixan Qozog‘istonning Atirau shahridan bo‘lgan tennischi Navid Sabirow bilan birgalikda ishtirok etib, yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ushbu turnir Alixan Nuryagdiyeff uchun xalqaro miqyosdagi birinchi yirik musobaqa bo‘ldi. Shunga qaramay, yosh tennischi maydonda ajoyib texnika, o‘ziga bo‘lgan ishonch va haqiqiy sportcha xarakterni namoyish etib, murabbiylar va muxlislarning e’tiborini tortdi.
Poytaxtimiz Ashxobod vakili bo‘lgan yosh chempion hozirgi vaqtda Yuriy Rogusskiy va Meylis Orazmuhammedoff kabi tajribali murabbiylar rahbarligida shug‘ullanmoqda. Shuningdek, Alixanning o‘qishda ham namuna ko‘rsatayotgani, A.S.Pushkin nomidagi Qo‘shma turkman-rus umumta’lim maktabida a’lo baholarga o‘qiyotgani va o‘qishdagi muvaffaqiyatlari uchun Faxriy yorliq bilan taqdirlangani ma’lum.
U bundan oldin ham Turkmanistonda 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edi. Mutaxassislar uning mehnatsevarligini, intizomini va kelajagi buyukligini alohida ta’kidlamoqdalar. Alixan Nuryagdiyeffning Aktobedagi ushbu shov-shuvli g‘alabasi nafaqat uning o‘zi uchun, balki so‘nggi yillarda xalqaro maydonda izchil o‘sishni ko‘rsatayotgan Turkmaniston tennisi uchun ham katta muvaffaqiyatdir.
Keywords