Kaliforniya texnologiya instituti (Caltech) mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan robot kosmik fazoda ilk bor mustaqil ravishda qurilish ishini amalga oshirdi. U Yer orbitasida bir necha qismdan iborat antenna konstruksiyasini yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda «New Atlas» nashri xabar beradi.
Tajriba doirasida robotga kompozit quvurlar, alyuminiy biriktirgichlar va nurni qaytaruvchi qoplamadan foydalanib, kengligi 1,4 metr bo‘lgan reflektorli antennani yig‘ish vazifasi topshirildi. Konstruksiyaning ikki qismi kosmosga oldindan tayyor holatda yuborildi, uchinchi qismini esa robotning o‘zi orbitada to‘liq yig‘di.
Sinovning asosiy jihati shundaki, robot ushbu ishni muhandislarning bevosita ishtirokisiz bajardi. Yer bilan aloqa seanslarining davomiyligi 15 daqiqadan oshmagani sababli, olimlar dastlab har bir harakatni robotning laboratoriya nusxasida sinovdan o‘tkazdilar. Shundan keyingina kosmosdagi qurilmaga tegishli buyruqlar yuborildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu tajriba kelajakda kosmosda nihoyatda yirik, hatto uzunligi bir necha kilometrga yetadigan inshootlarni qurish imkoniyati sari qo‘yilgan muhim qadamdir. Kelgusida bunday robotlar qurilish uchun zarur materiallarni orbitaga olib chiqib, odamlarning uzoq vaqt yashashi uchun mo‘ljallangan kosmik inshootlarni mustaqil ravishda barpo etishlari mumkin.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.