
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 4-mart kuni Dushanbe shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Tangriguli Atahalliyevni qabul qildi. Bu haqda Tojikiston Prezidentining rasmiy matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, uni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Emomali Rahmon ikki tomonlama hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini qayd etib, savdo, sanoat, transport va logistika, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Tomonlar sport va turizm, yoshlar siyosati, madaniy hamda ilmiy-ma’rifiy almashinuvlarni o‘z ichiga olgan madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga qiziqish bildirdilar. Shuningdek, o‘zaro erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan amalga oshirishda Hukumatlararo komissiyaning asosiy mexanizm sifatidagi o‘rni alohida qayd etildi.
Uchrashuv davomida davlatlararo muloqotni muntazam davom ettirish hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida hamkorlikni muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Vise-premyer savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma turkman-tojik hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga kelgan.
Keywords