«Turkish Airlines» aviakompaniyasi belgilangan standart o‘lchamlardan ortiqcha bo‘lgan yuklarni (Oversized Baggage) tashish bo‘yicha yangi narxlarni joriy etdi. Yangi qoidalarga ko‘ra, o‘lchami me'yordan yuqori bo‘lgan yuklarni Istanbulgacha olib o‘tish narxi 110 AQSh dollarini, xalqaro tranzit yo‘nalishlarida esa 150 AQSh dollarini tashkil etadi.

Aviakompaniya tushuntirishiga ko‘ra, bo‘yi, uzunligi va enining yig‘indisi 158 santimetrdan oshmaydigan sumka va chamadonlar standart o‘lchamli hisoblanadi. Bunda g‘ildiraklarning o‘lchami umumiy hisobga kirmaydi. Ushbu belgilangan me'yordan katta bo‘lgan har qanday yuk uchun yo‘lovchilardan yangi tariflarga muvofiq qo‘shimcha to‘lov undiriladi.

«Turkish Airlines» yo‘lovchilarga aeroportga borishdan oldin yuk o‘lchamlarini oldindan tekshirib olishni tavsiya qiladi. Bu kutilmagan qo‘shimcha xarajatlarning oldini olishga yordam beradi.