
Turkman xalqining Milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovni ochiqlik va keng raqobat asosida oʻtgan prezidentlik saylovlarida ishonchli gʻalaba qozonib, Turkmaniston Prezidenti lavozimiga kirishgan kuni munosabati bilan turkman xalqi va Xalq Maslahati nomidan samimiy tabrikladi. Bu haqda «Watan» xabarlar dasturida maʼlum qilindi.
Milliy yetakchi oʻz tabrik xatida 2022-yil mart oyida oshkoralik va shaffoflik muhitida oʻtkazilgan prezidentlik saylovlari turkmanistonliklarning davlat taqdiri uchun yuksak masʼuliyatni his etishini hamda jamiyatda qadimiy demokratik tamoyillar tantana qilayotganini yaqqol koʻrsatganini taʼkidladi.
«Ushbu muhim voqea mustaqil Turkmanistonning zamonaviy tarixi yilnomasiga ulkan muvaffaqiyatlarga boy yangi davrning boshlanishi sifatida muhrlandi. Bugungi kunda Turkmaniston tanlangan ijobiy davlat siyosatiga sodiq qolgan holda, hayotning barcha jabhalarida yuksak natijalarga erishmoqda. Siz taʼkidlaganingizdek, bizning barcha yutuqlarimiz «Vatan faqat xalqi bilan Vatandir! Davlat faqat xalqi bilan davlatdir!» degan siyosatimiz mahsulidir», — deyiladi tabrikda.
Turkman xalqi Milliy yetakchisi tabrik soʻngida Prezidentni lavozimga kirishgan kuni bilan yana bir bor qutlab, unga sogʻlik-salomatlik, mustaqil va doimiy neytral Vatan ravnaqi hamda xalq farovonligi yoʻlidagi ezgu ishlarida zafarlar tiladi.
Keywords