
Turkmaniston Prezidenti tomonidan imzolangan hujjatga muvofiq, Esen Muhammedovich Aydogdiyev Turkmanistonning Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi (Vashington shahri) Favqulodda va Muxtor elchisi lavozimiga tayinlandi hamda u Turkmanistonning Rossiya Federatsiyasi, Sloveniya, Serbiya va Bolgariya Respublikalaridagi Favqulodda va Muxtor elchisi lavozimlaridan ozod etildi. Bu haqda «Watan» xabarlar dasturida ma’lum qilindi.
Shu munosabat bilan, Meret Bayramovich Orazov boshqa ishga o‘tishi sababli Turkmanistonning Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi (Vashington shahri), Meksika Qo‘shma Shtatlaridagi, Kanadadagi Favqulodda va Muxtor elchisi hamda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti huzuridagi Turkmaniston vakili lavozimlaridan ozod etildi.
Avvalroq, Turkmaniston Prezidenti imzolagan hujjatga asosan, Aksoltan To‘rayevna Atayeva boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Turkmanistonning BMT huzuridagi (Nyu-York shahri, AQSh) doimiy vakili lavozimidan ozod etilib, ushbu lavozimga Vepa Segsengeldiyevich Xajiyev tayinlangani, u o‘z navbatida Turkmanistonning Shveysariya Konfederatsiyasidagi (Jeneva shahri) Favqulodda va Muxtor elchisi hamda BMTning Jenevadagi bo‘limi huzuridagi doimiy vakili lavozimidan ozod etilgani haqida xabar bergan edik.
Keywords