
Kecha Turkmaniston Prezidenti, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh Qoʻmondoni, armiya generali Serdar Berdimuhamedov Davlat xavfsizlik kengashining majlisini oʻtkazdi. Majlisda mamlakatimiz harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlarida shu yilning yanvar oyida olib borilgan ishlarning natijalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, Mustaqil davlatimizda xavfsizlik va osoyishtalikni taʼminlashga, harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga hamda faoliyatini yanada takomillashtirishga doir bir qator masalalar muhokama qilindi.
Avvalambor, Davlat xavfsizlik kengashi kotibi, mudofaa vaziri B.Gundogdiyev Turkmaniston Qurolli Kuchlarini rivojlantirish dasturida belgilangan vazifalarni bajarish boʻyicha yanvar oyida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi. Shuningdek, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan foydalanishga topshirilgan xizmat va ijtimoiy-maishiy maqsadli binolar, jumladan, Lebap viloyatida qurilgan Turkmaniston Qurolli Kuchlari harbiy qismlarining yangi bino va inshootlar majmuasi haqida aytib oʻtildi. Shu munosabat bilan, Davlat xavfsizlik kengashi kotibi, mudofaa vaziri barcha harbiy xizmatchilar nomidan Qurolli Kuchlar harbiy qismlarining yangi bino va inshootlar majmuasining ochilishiga oq fotiha bergani uchun davlatimiz rahbariga yana bir bor minnatdorchilik bildirdi.
Muhtaram Prezidentimiz hisobotni tinglab, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining harbiy mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha oʻtkazilayotgan tadbirlarni, Milliy armiyamizning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning yashash-turmush sharoitlarini yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni bundan buyon ham davom ettirish muhimligini taʼkidladi hamda bu borada Davlat xavfsizlik kengashi kotibi, mudofaa vaziriga bir qator aniq topshiriqlar berdi.
Bosh prokuror B.Muhamedov mamlakatimizda qonunlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida shu yilning yanvar oyida koʻrilgan choralar haqida hisobot berdi. Shuningdek, prokuratura organlariga raqamli tizimni joriy etish va xodimlarning malakasini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning borishi haqida maʼlumot berildi. Hisobotda Bolqon viloyatining Esenguli tumani prokuraturasining yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirilgani ham qayd etildi.
Muhtaram Prezidentimiz hisobotni tinglab, mamlakatimizda qonuniylik hamda huquq-tartibotni mustahkamlash va qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni davr talablariga muvofiq takomillashtirish muhim vazifa ekanligini taʼkidladi hamda shu munosabat bilan Bosh prokurorga bir qator koʻrsatmalar berdi.
Ichki ishlar vaziri M.Xidirov oʻzi rahbarlik qilayotgan tuzilmalar tomonidan shu yilning yanvar oyida bajarilgan ishlarning natijalari, xususan, mamlakatimizda qonun buzilishlarining va yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish boʻyicha koʻrilgan choralar haqida hisobot berdi. Shu bilan bir qatorda, vazir Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan poytaxtimizning Bagtiyorlik tumanidagi Choganli turar-joy majmuasida Ichki ishlar vazirligining Malikguli Berdimuhamedov nomidagi turar-joy majmuasining navbatdagi bosqichi, Bolqon viloyati Politsiya boshqarmasi xodimlari uchun 2 ta 4 qavatli, 24 xonadonli zamonaviy uy-joy, shuningdek, Mari viloyati Politsiya boshqarmasi xodimlari uchun 4 qavatli, 24 xonadonli zamonaviy uy-joy foydalanishga topshirilgani haqida maʼlumot berdi.
Muhtaram Prezidentimiz hisobotni tinglab, mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish, osoyishtalik hamda jamoat tartibini taʼminlash, qonuniylikni yanada mustahkamlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni, shuningdek, yoʻl harakati qoidalarining, yongʻin xavfsizligi tartiblarining bajarilishini qatʼiy nazoratda saqlash muhimligiga eʼtibor qaratdi hamda vazirga bu borada bir qator aniq topshiriqlar berdi.
Oliy sud raisi B.Xojamguliyev sud tizimini rivojlantirish dasturi doirasida shu yilning boshidan buyon olib borilgan ishlar, xususan, milliy sud tizimi faoliyatini takomillashtirish, sudyalarning malakasini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida hisobot berdi.
Davlat rahbari hisobotni tinglab, davlat hamda jamoat manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning huquqlarini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni samarali davom ettirish muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, muhtaram Prezidentimiz sudyalarning bilim darajasini oshirish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini muntazam oʻtkazish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berdi.
Soʻngra milliy xavfsizlik vaziri N.Atagarayev 2026-yilning yanvar oyida olib borilgan ishlarning natijalari hamda vazirlik oldida turgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida hisobot berdi.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh Qoʻmondoni hisobotni tinglab, N.Atagarayevni boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan milliy xavfsizlik vaziri lavozimidan ozod etdi va bu lavozimga D.Meredovni tayinladi.
D.Meredov harbiy qasamyodga sodiqlik ramzi sifatida Turkmaniston Davlat bayrogʻiga tazim qilib, xalqimizga, Vatanimizga, muhtaram Prezidentimizga sadoqat haqida tantanali qasamyod qildi.
Davlat rahbari vazirlikning yangi tayinlangan rahbariga ishida muvaffaqiyatlar tilab, oldinda turgan ustuvor vazifalarga eʼtibor qaratdi hamda bu tuzilma faoliyatini zamonaviy darajada takomillashtirish boʻyicha tegishli ishlarni olib borish yuzasidan bir qator aniq topshiriqlar berdi.
Davlat chegara xizmati boshligʻi I.Ilamanov oʻzi rahbarlik qilayotgan tuzilmada yil boshidan buyon olib borilgan ishlar, xususan, Vatanimizning muqaddas chegaralarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida hisobot berdi. Shuningdek, hisobot davomida Xizmat tarkibida yangi chegara qalʼasi (post) foydalanishga topshirilgani haqida aytildi.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh Qoʻmondoni hisobotni tinglab, Mustaqil, doimiy Neytral Turkmanistonning davlat chegarasi qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik-qardoshlik chegarasi ekanligini taʼkidladi hamda uning hududlarini mustahkam qoʻriqlash maqsadida olib borilayotgan ishlarni talab darajasida davom ettirishni topshirdi.
Adliya vaziri M.Taganov hisobot davrida mamlakatimiz qonunchilik bazasini yanada mustahkamlash, fuqarolarning huquqlari va burchlari haqida targʻibot-tashviqot ishlarini oʻtkazish boʻyicha bajarilgan ishlar haqida hisobot berdi.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh Qoʻmondoni hisobotni tinglab, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining va milliy qonunchiligimizning xalqaro huquq normalariga toʻliq muvofiq keltirilishini taʼminlash muhimligini taʼkidladi hamda vazirga bu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarni davom ettirishni topshirdi.
Davlat bojxona xizmati boshligʻi M.Xudaykuliyev oʻzi rahbarlik qilayotgan tuzilmani rivojlantirish dasturida belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish maqsadida, shu yilning yanvar oyida olib borilgan ishlarning natijalari, davlat rahbarining xizmat faoliyatini takomillashtirish boʻyicha ilgari bergan topshiriqlarining ijrosi haqida hisobot berdi. Shu bilan bir qatorda, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Bolqon viloyatining Etrek tumanida Davlat bojxona xizmati Bolqon viloyati bojxonasining xodimlari uchun moʻljallangan 4 qavatli 24 xonadonli xizmat uy-joyi foydalanishga topshirilgani haqida aytildi.
Davlat rahbari hisobotni tinglab, bojxona organlari faoliyatini bundan buyon ham takomillashtirishni davom ettirishning muhim ahamiyatini taʼkidladi hamda bojxona nazorat nuqtalaridan oʻtkazilayotgan tovarlarni koʻzdan kechirishni yuqori sifatli tashkil etish borasida Xizmat rahbariga tegishli topshiriqlarni berdi.
Davlat migratsiya xizmati boshligʻi A.Sazakov oʻzi rahbarlik qilayotgan tuzilma tomonidan shu yil boshidan buyon bajarilgan ishlarning natijalari haqida hisobot berdi. Shu bilan birga, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Davlat migratsiya xizmatining Axal viloyati boʻyicha boshqarmasining Tejen tumani boʻlimining yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirilgani haqida aytildi.
Davlat rahbari hisobotni tinglab, bu tuzilma oldida turgan vazifalarga eʼtibor qaratdi hamda Xizmat rahbariga mamlakatimizda migratsiya qonunchiligining bajarilishini, migratsiya borasida yuqori sifatli xizmatlarni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni muntazam nazoratda saqlashni topshirdi.
Majlis ishtirokchilariga murojaat qilib, muhtaram Prezidentimiz mudofaa xarakteridagi Harbiy doktrinamiz talablariga muvofiq, Mustaqil, doimiy Neytral davlatimizning harbiy xavfsizligini va yaxlitligini yuqori darajada taʼminlash, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, shuningdek, Vatan himoyachilarining va ularning oila aʼzolarining yashash-turmush sharoitlarini yanada yaxshilash boʻyicha izchil choralar amalga oshirilayotganini aytdi va bu ishlar bundan buyon ham davom ettirilishini taʼkidladi.
Davlat xavfsizlik kengashi majlisida boshqa ham bir qator muhim masalalar koʻrildi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Turkmaniston Prezidenti, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh Qoʻmondoni, armiya generali Serdar Berdimuhamedov majlisni yakunlab, unda ishtirok etganlarga mustahkam sogʻliq, xalqimizning osoyishta hamda baxtli hayot kechirishi yoʻlida olib borayotgan masʼuliyatli xizmatlarida ulkan zafarlar tiladi.
Keywords