
Turkmaniston aholining ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. Ingliz tili ona tili bo‘lmagan mamlakatlarni qamrab olgan “EF English Proficiency Index 2025” reytingida Turkmaniston dunyo miqyosida 91-o‘ringa joylashdi. Bu ko‘rsatkich mintaqa mamlakatlari orasida eng yuqorisidir.
Reytingda Qirg‘iz Respublikasi 101-o‘rinni, O‘zbekiston 104-o‘rinni, Qozog‘iston 107-o‘rinni va Tojikiston 110-o‘rinni egalladi.
Turkmanistonning mintaqadagi boshqa davlatlardan ustunligi mamlakatda ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotganini va uni o‘rganish imkoniyatlari kengayayotganini ko‘rsatadi. Bu esa yosh avlodga xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan davlat siyosati o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir.
Reytingda Niderlandiya yetakchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, kuchli beshlikka Xorvatiya, Avstriya, Germaniya va Norvegiya ham kirdi.
Ta’kidlash joizki, “EF English Proficiency Index” reytingi dunyo bo‘ylab millionlab odamlar topshiradigan bepul onlayn “EF SET” (“Standard English Test”) testining natijalariga asoslanadi. Ushbu test asosan tinglab tushunish va o‘qish ko‘nikmalarini baholaydi. 2025 yilgi hisobotda ilk bor nafaqat o‘qish va tinglash, balki gapirish (speaking) va yozish (writing) ko‘nikmalari ham sun’iy intellekt yordamida baholandi. Bu ingliz tilini nafaqat nazariy, balki amaliy qo‘llash darajasi ham e’tiborga olinganini anglatadi.
Keywords