2026-yil 13-noyabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston Milliy Qizil Yarim Oy jamiyati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (BMT QOKB) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmenportal nashri xabar bermoqda.

Hujjatni Turkmaniston Milliy Qizil Yarim Oy jamiyati raisi Maral Achilova hamda BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Mahir Safarli imzoladilar.

Memorandumning asosiy maqsadi qochqinlar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa guruhlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Kelishuvga muvofiq, Turkmaniston Milliy Qizil Yarim Oy jamiyati BMT QOKB bilan hamkorlikda ushbu toifadagi insonlarga yordam ko‘rsatadi, ularning huquqlari va imkoniyatlari haqida ma’lumotlarni tarqatadi. Shuningdek, tomonlar o‘zaro tajriba almashish, xodimlar va ko‘ngillilar uchun o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Hujjatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Buning maqsadi zarurat tug‘ilganda yordam ko‘rsatish ishlarini tezkor va muvofiqlashtirilgan tarzda tashkil etishdan iborat.

Mahir Safarli Turkmaniston Milliy Qizil Yarim Oy jamiyati ishonchli hamkor ekanini ta’kidlab, Memorandum tomonlarning birgalikdagi faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilishini bildirdi.

Maral Achilova esa Milliy jamiyat faoliyati Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy harakatining asosiy tamoyillariga tayanishini qayd etdi. Shuningdek, u xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, Turkmaniston 1951-yildagi Qochqinlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyaga, shuningdek, fuqaroliksizlik masalalariga oid ikkita konvensiyaga qo‘shilgan Markaziy Osiyodagi birinchi mamlakat hisoblanadi. Mamlakat bir necha yildan buyon BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan, jumladan, fuqaroliksizlikni bartaraf etish yo‘nalishida ham hamkorlik qilib kelmoqda.

Imzolangan Memorandumga muvofiq, Turkmaniston Milliy Qizil Yarim Oy jamiyati ham ushbu yo‘nalishdagi qo‘shma ishlarga rasman qo‘shiladi.