
Kecha hurmatli Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugeni qabul qildi.
Mehmon uchrashuv uchun yaratilgan imkoniyatdan samimiy minnatdorlik bildirib, Turkmanistonning tinchlik, birdamlik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, JSST hamda BMT bilan hamkorlikda sogʻliqni saqlash diplomatiyasini mustahkamlash borasidagi izchil saʼy-harakatlari uchun davlat rahbariga Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining «Sogʻliqni saqlashda tinchlik, birdamlik va diplomatiyani targʻib qilishga qoʻshgan hissasi uchun» maxsus mukofotini topshirdi. Shuningdek, u Arkadagli Qahramon Serdarimizni 2026-yilda Turkmanistonning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida (MDH) raislik qilishi hamda ushbu yil Hamdoʻstlik hududida “Sogʻliqni saqlash yili” deb eʼlon qilingani bilan samimiy tabrikladi.
Hurmatli Prezidentimiz ezgu tilaklar uchun minnetdorlik bildirib, ushbu mukofotni mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalarga Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan berilgan yuksak bahoning eʼtirofi sifatida qabul qilishini taʼkidladi. Shuningdek, davlat rahbari Xans Klyugening Turkmanistonga tashrifi davomida ishtirok etadigan «Butunjahon sogʻliqni saqlash sohasida diplomatiya boʻyicha yuqori darajali muloqot» mavzusidagi oʻquv seminari hamkorlik holatini muhokama qilish va fikr almashish uchun muhim imkoniyat boʻlishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv davomida taʼkidlanganidek, Turkmaniston nufuzli xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan idoralari, jumladan, Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat beradi. Mamlakatimiz davlat siyosatida aholi salomatligini muhofaza qilish asosiy vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan, milliy sogʻliqni saqlash tizimini kompleks takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. «Saglyk» Davlat dasturiga muvofiq, kasalliklarning oldini olish, ularni aniqlash va davolash boʻyicha samarali ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Mamlakatimizda ilgʻor innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy salomatlik uylari, ixtisoslashtirilgan shifoxonalar, Arkadag tibbiyot klasteri barpo etilmoqda.
Turkmanistonda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom ovqatlanish, tamakiga qarshi kurashish boʻyicha ishlar ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu borada Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti mamlakatimizning ishonchli va uzoq muddatli hamkori hisoblanadi. Shu munosabat bilan, davlat rahbari yoʻlga qoʻyilgan ijobiy tajribaga tayanib, Turkmaniston tomoni JSST bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida hurmatli Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedov hamda JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge bir-birlariga ezgu tilaklar bildirdilar.
Keywords