Turkmaniston Davlat bojxona xizmati bilan Malayziya Qirollik bojxona xizmati o‘rtasida kasbiy va tajriba almashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda.

2026-yilning 10–21-avgust kunlari Turkmaniston Davlat bojxona xizmatining vakili ilk bor Malayziyaning Melaka shahridagi Qirollik bojxona akademiyasida — AKMALda o‘tkazilgan xalqaro o‘quv kursida ishtirok etdi. «International Course for Senior Officer of Customs on Narcotics Identification and Narcotics Law Enforcement» nomli o‘quv kursi Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida tashkil etildi.

O‘quv jarayonida giyohvandlik vositalarini aniqlash va ularning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, xatarlarni boshqarish, profillash, tergov harakatlarini o‘tkazish hamda bojxona nazoratining zamonaviy usullaridan foydalanish bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi.

Xalqaro o‘quv kursining asosiy yo‘nalishlaridan biri ishtirokchi mamlakatlar bojxona idoralari o‘rtasida tajriba almashish va kasbiy aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Turkmaniston vakili Malayziya Qirollik bojxona xizmatining ish tajribasi, xalqaro aeroportlar va dengiz portlarida bojxona nazoratini tashkil etish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish jarayonlari bilan tanishdi.

Ushbu o‘quv kursi Turkmaniston bojxona mutaxassislarining xalqaro tajribasini boyitish bilan bir қаtorda, Turkmaniston va Malayziya bojxona idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasbiy aloqalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Xalqaro darajada o‘tkaziladigan bunday o‘quvlar bojxona nazorati samaradorligini oshirishga, yangi usullarni o‘zlashtirishga va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashda davlatlarning o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.