
Turkmaniston va Ozarbayjon “yashil” energetika sohasini rivojlantirish va bu borada hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqdalar. Bu haqda Turkmanistonning Ozarbayjondagi elchisi Gurbanmämmet Elýasow “Report” nashriga bergan intervyusida aytib oʻtdi.
Elchining soʻzlariga koʻra, har ikki davlat ham qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish imkoniyatlarini oʻrganmoqda. Shuningdek, Turkmanistonning Kaspiy dengizi orqali “yashil” energetika yoʻlaklarini yaratishda ishtirok etishi muhokama qilinmoqda.
Xabarda taʼkidlanishicha, qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Janubiy Kavkaz orqali Yevropa mamlakatlariga yetkazib berish uchun infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Shu nuqtai nazardan, Ozarbayjon “yashil” energiya eksporti uchun tranzit xab (markaz) sifatida qaralmoqda.
Gurbanmämmet Elýasow quyosh va shamol energetikasi boʻyicha loyihalarni rivojlantirish istiqbolli yoʻnalishlardan biri boʻlishi mumkinligini qayd etdi. “Turkmaniston quyosh energiyasini ishlab chiqarish uchun ulkan salohiyatga ega, Ozarbayjon esa, oʻz navbatida, Kaspiy dengizida shamol energetikasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirmoqda”, deb taʼkidladi turkman elchisi.
“Shuningdek, “yashil” elektr energiyasini uzatish va eksport qilish uchun qoʻshma infratuzilmani rivojlantirish muhim yoʻnalish boʻlishi mumkin. Buning doirasida Kaspiy dengizi tubidan suv osti kabel liniyalarini qurish, energetika tizimlarini muvofiqlashtirish va elektr energiyasini Yevropa yoʻnalishi boʻyicha eksport qilish boʻyicha mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish koʻzda tutilishi mumkin”, dedi Turkmanistonning Ozarbayjondagi elchisi.
Shuningdek, Gurbanmämmet Elýasow hamkorlikning qoʻshimcha imkoniyatlari “yashil” vodorod ishlab chiqarish va tashish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish boʻyicha tajriba almashish va investitsiyalarni jalb qilish kabi sohalarda ochilayotganini taʼkidladi.
Keywords