
Kecha Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisini o‘tkazdi. Unda 2025-yilda mamlakatda amalga oshirilgan ishlar yakunlari sarhisob qilindi, Bosh vazir o‘rinbosarlari, ayrim vazirlar va viloyat hokimlarining hisobotlari tinglandi. Shuningdek, 2026-yil uchun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalari va kadr masalalari muhokama qilindi.
Hisobotlarga ko‘ra, 2025-yilda YAIM 6,3 foizga o‘sdi. Sanoatda o‘sish 1,8 foizni, qurilishda 7,9 foizni, transport va aloqa sohasida 9,8 foizni, savdoda 9,6 foizni, qishloq xo‘jaligida 7 foizni, xizmatlar sohasida 7,5 foizni tashkil etdi.
2024-yilga nisbatan ishlab chiqarish hajmi 10,2 foizga oshdi. Chakana savdo aylanmasi 13,2 foizga ko‘paydi. O‘rtacha ish haqi 11,9 foizga oshdi. Davlat budjeti daromadlar bo‘yicha 101,5 foiz, xarajatlar bo‘yicha 99,7 foiz bajarildi.
2025-yilda 76,5 milliard kub metr tabiiy gaz va 8,38 million tonna neft qazib olindi.
2026-yilda YAIM o‘sish sur’atini 6,3 foiz darajasida saqlash, 5 300 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish, xususiy sektor ulushini 72,9 foizga yetkazish va iqtisodiyotga qariyb 41,2 milliard manat investitsiya yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Prezident 2026-yil uchun Turkmanistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va investitsiya dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Keywords