Turkmaniston xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohasida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan tinch va masʼuliyatli foydalanish boʻyicha xalqaro kodeksni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqda. Mazkur taklif Turkmanistonning BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasidagi ustuvor yoʻnalishlarini bayon etuvchi hujjatida oʻz aksini topdi.
Hujjatda raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi hozirgi davr xalqaro kun tartibining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylangani qayd etiladi. Shu munosabat bilan Turkmaniston sunʼiy intellektning xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohasida faqat tinch maqsadlarda foydalanilishini taʼminlash uchun BMT homiyligida xalqaro kodeksni yaratishni taklif qiladi.
Bu tashabbus sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda umumiy xalqaro mezonlarni shakllantirishga, ularning masʼuliyatli qoʻllanilishini qoʻllab-quvvatlashga va davlatlar oʻrtasidagi raqamli ishonchni mustahkamlashga qaratilgandir.
Shuningdek, BMT homiyligida Ashxobod shahrida raqamli ishonch va sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanish masalalariga bagʻishlangan xalqaro ekspertlar muloqotini oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Ushbu forum sunʼiy intellekt imkoniyatlari bilan bogʻliq masalalar boʻyicha xalqaro mutaxassislarning fikr almashishi va samarali takliflarni ishlab chiqishi uchun muhim maydon boʻlishi kutilmoqda.
Turkmanistonning tashabbuslaridan yana biri BMTning Markaziy Osiyo uchun profilaktik diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliqdir. Turkmaniston ushbu maqsaddan kelib chiqib, «Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo uchun profilaktik diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazining oʻrni» nomli Rezolyutsiya loyihasini BMT Bosh Assambleyasining muhokamasiga taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Turkmanistonning bu takliflari raqamli texnologiyalar rivojlanayotgan sharoitda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, yangi texnologiyalardan tinch va masʼuliyatli foydalanish boʻyicha umumiy tamoyillarni yaratishga hamda Markaziy Osiyoda profilaktik diplomatiyaning ahamiyatini oshirishga qaratilgandir.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.