Turkmanistonda 2027-yilgi bug‘doy hosili uchun kuzgi bug‘doy ekishiga kirishildi. Ekish mavsumining rasmiy boshlanishi 2-sentabrga to‘g‘ri kelib, viloyatlarda ushbu muhim qishloq xo‘jaligi ishiga start berish tantanali marosimlari o‘tkazildi.
Ekish mavsumiga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tomonidan 28-avgust kuni o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasi majlisida berilgan oq fotiha asosida kirishildi. Joylarda ishlarni agrotexnik qoidalarga muvofiq, o‘z vaqtida va yuqori sifatli o‘tkazish maqsadida tajribali dehqonlar, tegishli mutaxassislar, olimlar va mexanizatorlar ishtirokida o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Turkmaniston Prezidentining «Turkmanistonda 2027-yilda mo‘l bug‘doy hosilini yetishtirish to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq, yangi hosil uchun mamlakatimizning barcha viloyatlarida 690 ming gektar maydonga kuzgi bug‘doy ekish rejalashtirilmoqda.
Kelgusi yili mamlakatda jami 1,4 million tonna bug‘doy yetishtirish ko‘zda tutilgan. Shulardan Ahal viloyatida 400 ming tonna, Balkan viloyatida 80 ming tonna, Dashoguz viloyatida 265 ming tonna, Lebap viloyatida 310 ming tonna va Mary viloyatida 345 ming tonna bug‘doy yig‘ib olish rejalashtirilgan.
Ekishda yuqori hosil beruvchi navlar bilan bir qatorda Turkmaniston Qishloq xo‘jaligi vazirligining G‘allachilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan «Serdar», «Arkadag» va «Pyragy» navlaridan ham foydalanish ko‘zda tutilgan.
Mamlakatimizda bug‘doy ekishning yuqori darajada tashkil etilishi kelgusi yil hosili uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgandir. Hozirgi vaqtda joylarda ekish ishlarini agrotexnik talablarga muvofiq o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.