Turkmanistonda paxta yig‘im-terimi mavsumi arafasida Xalqaro Mehnat Tashkilotining (XMT) bolalar va majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan uch oylik axborot-targ‘ibot kampaniyasi yakunlandi. O‘tkazilgan o‘quv va tushuntirish tadbirlarida mamlakatning 35 ta tumanidan 1,5 mingga yaqin kishi ishtirok etdi.

Ushbu tashabbus XMT tomonidan milliy manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda, Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirildi.

12-iyundan 12-avgustgacha davom etgan dastur doirasida milliy va mahalliy darajada jami 15 ta tadbir tashkil etildi. Ularning qatorida kasbiy imkoniyatlarni oshirishga qaratilgan o‘quv seminari, viloyatlar va tumanlarda o‘tkazilgan 13 ta axborot uchrashuvi hamda yakuniy konferensiya mavjud.

Mintaqaviy uchrashuvlar Tejen, Go‘ktepe, Oq bug‘doy, Kerki, Sayat, Turkmanobod, Mari, Yo‘loten, Bayramali, Toshhovuz, Oqtepa, Ko‘hna Urganch va Qizilarbot shaharlari va tumanlarida o‘tkazildi. Shuningdek, tadbirlarda yana 20 ta tumandan vakillar ishtirok etdilar.

Uchrashuvlarda mahalliy hokimiyatlar, tegishli vazirliklar, ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, dehqon birlashmalari, shuningdek, ish beruvchilar va xodimlar tashkilotlarining vakillari qatnashdilar.

Mashg‘ulotlar davomida bolalar va majburiy mehnat alomatlarini aniqlash hamda ularning oldini olish usullariga alohida e'tibor qaratildi. Ishtirokchilar qonun tomonidan ruxsat etiladigan yengil mehnat bilan bolalarning qatnashishi taqiqlangan mehnat o‘rtasidagi farqlarni muhokama qildilar.

Shuningdek, Turkmaniston qonunchiligiga muvofiq bolalarning har yili o‘tkaziladigan paxta terimiga jalb qilinishi taqiqlangani haqida tushuntirishlar berildi.

Tadbirlarda paxta yig‘im-terimida odamlarni majburiy mehnatga jalb qilishning oldini olish va bu amaliyotni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma'lumot berildi. Har qanday mehnat ixtiyoriy asosda, xavfsiz sharoitlarda va jazolash xavfisiz amalga oshirilishi shartligi ta'kidlandi.

XMTning Turkmanistondagi loyiha rahbari Oksana Lipkanu axborot-targ‘ibot ishlari bolalarni xavfli mehnatdan himoya qilishda va kattalarning ixtiyoriy hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini ta'minlashda muhim oldini olish vositasi bo‘lib xizmat qilishini ta'kidladi.

Uchrashuvlar Turkmanistonning inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarishini ta'minlash bo‘yicha idoralararo komissiyaning ishchi guruhi a'zolari bilan birgalikda o‘tkazildi.

Kampaniya yakunlari bo‘yicha joylarda tushuntirish ishlarini davom ettirish va tegishli amaliy axborot vositalarini tayyorlash zarurligi qayd etildi.

O‘tkazilgan tadbirlar XMTning 2026–2027-yllarga mo‘ljallangan, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan loyihasining bir qismidir. Dastur mehnat sohasidagi davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, paxta yetishtirishda munosib mehnat sharoitlarini rivojlantirishga qaratilgan mahalliy tashabbuslarni ham o‘z ichiga oladi.