Turkmanistonda yalpi ichki mahsulot 6,3 foizga o’sdi. Bu haqda bugun raqamli tizim orqali o’tkazilgan Vazirlar Mahkamasining navbatdagi majlisida vitse-premyer H. Geldimirodovning joriy yilning o’n oylik makroiqtisodiy ko’rsatkichlari to’g’risidagi hisobotida ta’kidlandi. Bu haqda «Vatan» axborot dasturi xabar berdi.

Tarmoqlar bo’yicha o’sish sanoatda 3,8 foiz, qurilishda 6,8 foiz, transport-aloqada 10,4 foiz, savdoda 8,6 foiz, qishloq xo’jaligida 1,2 foiz, xizmatlar sohasida esa 8,5 foizni tashkil etdi. Yanvar–oktyabr oylarida o’tgan yilning shu davriga nisbatan jami ishlab chiqarilgan mahsulot 10 foizga oshdi, iqtisodiyot tarmoqlarida ijobiy ishlab chiqarish natijalariga erishildi. Chakana savdo tovar aylanmasi 10,6 foizga, tashqi savdo aylanmasi esa 9,5 foizga o’sdi.

Yanvar–oktyabr oylarida Davlat byudjetining daromad qismi 102,2 foiz, xarajat qismi esa 97,3 foiz bajarildi. Ish haqi, pensiyalar, davlat nafaqalari va stipendiyalar o’z vaqtida moliyalashtirildi. Moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan o’zlashtirilgan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi o’tgan yilning shu davriga nisbatan 3,3 foizga oshdi.

Turkmaniston Prezidenti hisobotni tinglab, iqtisodiyot, moliya va bank majmuasi ishini takomillashtirishni davom ettirish, yalpi ichki mahsulot o’sish sur’atini yuqori darajada saqlash hamda iqtisodiyot tarmoqlarini mutanosib rivojlantirish bo’yicha zarur choralarni ko’rishda davom etish muhimligini ta’kidladi va shu munosabat bilan vitse-premyerga tegishli topshiriqlar berdi.