Turkmanistonlik yosh shaxmatchi Allayar Shirliyev Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan 32-xalqaro shaxmat festivalida muvaffaqiyatli qatnashib, «Open A» kategoriyasida birinchi o‘rinni egalladi.
15–24-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan musobaqada ashxobodlik 21 yoshli shaxmatchi mumkin bo‘lgan 9 ochkodan 8 ochko jamg‘arib, raqiblarini ortda qoldirdi. U musobaqada 2184 FIDE reytingi bilan yettinchi raqamli sportchi sifatida qatnashib, reytingi yuqoriroq va tajribaliroq shaxmatchilar orasida yuqori natija ko‘rsatdi.
Shirliyev musobaqaning yakuniy jadvalida Suriyadan xalqaro usta Bashir Ayti va Filippindan Richiliu III Salsedo kabi kuchli raqiblardan oldinga o‘tib ketdi. Abu-Dabidagi bu muvaffaqiyat turkmanistonlik shaxmatchining xalqaro reytingiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatib, uning reytingiga 40,6 ochko qo‘shilishiga imkon berdi.
Xalqaro shaxmat festivali Abu-Dabi shaxmat klubi tomonidan tashkil etilib, dunyoning turli mamlakatlaridan kuchli shaxmatchilarni jamladi. O‘sha kunlarda o‘tkazilgan «Masters» musobaqasida ham dunyoning taniqli grossmeysterlari, jumladan Daniil Dubov, David Paravyan va Pa Inyan ishtirok etdiler.
Allayar Shirliyevning Abu-Dabidagi g‘alabasi turkman shaxmat maktabining so‘nggi paytlarda qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlarining navbatdagi isboti bo‘ldi. Avgust oyida Mumbayda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Lala Shoxradova rapid bo‘yicha oltin, blits bo‘yicha kumush medalni qo‘lga kiritgandi. Bundan oldin Turkmaniston terma jamoasi Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Markaziy va Shimoliy Osiyo chempionatida rekord darajada 16 ta medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.
Abu-Dabida qo‘lga kiritilgan g‘alaba turkman shaxmatining xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini va yosh sportchilar yuqori darajadagi musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.