
Turkmaniston tennischilar terma jamoasi bugun Shri-Lanka poytaxti Kolombo shahrida boshlanayotgan Davis kubogining Osiyo va Okeaniya mintaqasi IV guruhi saralash turnirida ishtirok etmoqda. Musobaqaga jami 7 ta terma jamoa qatnashib, ular ikkita guruhga bo‘lindi.
Qur’ tashlash natijalariga ko‘ra, Turkmaniston terma jamoasi «B» guruhida Iroq, Qirg‘iziston va Quvayt jamoalari bilan bellashadi. «A» guruhidan esa Qatar, Shimoliy Mariana orollari hamda Shri-Lanka terma jamoalari o‘rin oldi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar pley-off bosqichi uchrashuvlarida kelgusi yili Osiyo va Okeaniya mintaqasining III guruhiga chiqish uchun ikkita yo‘llanma yo‘lida kurashga kirishadilar. Guruhda uchinchi o‘rinni egallaganlar IV guruhda qolish uchun o‘zaro uchrashuv o‘tkazadilar. Mazkur bahsda mag‘lub bo‘lgan jamoa «B» guruhida to‘rtinchi o‘rinni egallagan terma jamoa bilan birgalikda Osiyo va Okeaniya mintaqasining V guruhiga tushib ketadi.
Turkmanistonlik tennischilar turnirdagi ilk uchrashuvini Quvayt terma jamoasiga qarshi o‘tkazadilar. Mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida Yuriy Rogusskiy, Selim Chagylow, Ali Geldiyev va Resul Atayev harakat qilmoqda. Jamoa sardori Meylis Orazmuhammedow, bosh murabbiyi Miraly Gasanow, fitnes murabbiyi esa Samir Agabekow hisoblanadi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, Turkmaniston tennischilar terma jamoasi Davis kubogi musobaqalarida 2004-yildan buyon yurtimiz sharafini himoya qilib kelmoqda. O‘tgan yili Bahraynning Isa-Taun shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo va Okeaniya mintaqasining V guruhi turnirida turkmanistonlik sportchilar muvaffaqiyatli qatnashib, IV guruhga chiqish huquqini qo‘lga kiritgan edilar.
Keywords