
MDH Ijroiya qo‘mitasi saytida Turkmanistonning 2026-yildagi raisligi Konsepsiyasi va chora-tadbirlar rejasi e’lon qilindi. Hujjat beshta asosiy yo‘nalish va yil davomida o‘tkaziladigan 25 ta muhim tadbirni o‘z ichiga oladi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Ijroiya qo‘mitasining rasmiy veb-saytida Turkmanistonning 2026-yilda MDHga raislik qilish Konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi e’lon qilindi.
Konsepsiya beshta asosiy yo‘nalishni belgilab beradi: tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiyot va transport aloqalarini rivojlantirish, raqamli transformatsiya, ekologik kun tartibi va gumanitar hamkorlik. Shuningdek, siyosiy sohada mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va MDH davlatlari o‘rtasida diplomatik muloqotni faollashtirish ko‘zda tutilgan.
Konsepsiyada qayd etilishicha, iqtisodiy yo‘nalish “Shimol–Janub” va “Sharq–G‘arb” transport koridorlarini rivojlantirish, energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirishni o‘z ichiga oladi. Ekologik kun tartibi qayta tiklanadigan energiya manbalari va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, 2026-yil davomida 25 ta asosiy tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan yettitasi Turkmanistonda bo‘lib o‘tadi. Jumladan, may oyida MDH Hukumat rahbarlari kengashi majlisi, sentyabrda Iqtisodiy kengash majlisi, 9-oktyabrda Avazada MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi va Davlat rahbarlari kengashi majlislari, shuningdek, Ashxobodda Madaniy hamkorlik bo‘yicha kengash majlisi o‘tkaziladi.
Turkmanistonning 2026-yilda MDHga raislik qilish Konsepsiyasining to‘liq matni bilan MDH Ijroiya qo‘mitasining rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.
Keywords