Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga (YHXT) raislik qilayotgan Shveysariya Konfederatsiyasining vitse-prezidenti, Tashqi ishlar federal departamenti rahbari Inyasio Kassisni qabul qildi.

Shveysariya vitse-prezidenti ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirib, tinchlik va barqaror rivojlanish siyosatini olib borayotgan Turkmaniston bilan samarali munosabatlarni mustahkamlashga katta qiziqish bildirayotganini ta'kidladi. Shuningdek, u mamlakatimizning xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasidagi tashabbuslariga yuqori baho berdi hamda Ashxobod shahri va «Avaza» milliy sayyohlik zonasining go‘zal me'moriy qiyofasidan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Davlat rahbari ezgu so‘zlar uchun minnatdorlik bildirib, ushbu tashrif Turkmaniston bilan YHXT va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim bosqich sifatida qaralishini aytdi.

Uchrashuv davomida Turkmaniston mintaqada va dunyoda tinchlik, barqaror rivojlanishni ta'minlash uchun xalqaro hamkorlikni faollashtirish tarafdori ekani ta'kidlandi. Bunda mamlakatimiz YHXT doirasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida ahamiyat qaratadi. Prezident Turkmaniston Hukumati va ushbu tashkilotning Ashxobod shahridagi markazi tomonidan har yili birgalikda tayyorlanadigan hamkorlik dasturlari asosida ishlarning izchil olib borilayotganini qayd etdi. Davlatimizda inson huquqlari, demokratik tamoyillarni ta'minlashga muhim ahamiyat qaratilishini ta'kidlagan davlat rahbari xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida YHXT doirasida hamkorlikni ilgari surish maqsadga muvofiq ekanini bildirdi.

«Biz energiya resurslarini jahon bozorlariga xavfsiz va ishonchli yetkazib berish, barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish, transport imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini rejali foydalanish kabi yo‘nalishlarda ham hamkorlikni rivojlantirish uchun ijobiy shart-sharoitlarimiz bor», — dedi davlat rahbari va Turkmaniston kelgusida ham tinchlik hamda taraqqiyotni ta'minlash yo‘lida YHXT bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini tasdiqladi.

Prezident Shveysariya tomonidan aniq takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirib, yaqinda nishonlangan Shveysariya Milliy kuni munosabati bilan Inyasio Kassisni yana bir bor tabrikladi.

Mehmon tabriklar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Turkmaniston olib borayotgan tashqi siyosat dunyo uchun namuna ekanini ta'kidladi va Shveysariya o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta ahamiyat berishini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik bundan buyon ham rivojlantirilishiga ishonch bildirilib, eng ezgu tilaklar izhor etildi.