
Muhtaram Prezidentimizning yurtimizni bog‘u bo‘stonga aylantirish, go‘zal tabiatimiz chiroyiga chiroy qo‘shish borasidagi ezgu tamoyillari baxtiyor vatandoshlarimiz orasida keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Davlat rahbarimizning shu yil 13-mart kuni o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasining navbatdagi majlisida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, diyorimizni bog‘-bo‘stonga aylantirish maqsadida Turkmanistonda umumxalq ko‘chat ekish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risidagi Qarorni imzolashi bu borada davlat darajasida keng ko‘lamli va tizimli ishlar olib borilayotganining isbotidir.
Qahramon Arkadag‘imiz hamda muhtaram Prezidentimizning el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan buyuk tashabbuslari yurtimizning Sharqiy mintaqasida ham yuksak vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan qabul qilinmoqda va amalga oshirilmoqda. Mustaqil Diyorimizning barcha burchaklarida bo‘lgani kabi, viloyatda ham har yili minglab mevali, ignabargli, soyali va uzum ko‘chatlari o‘tqazilmoqda, shuningdek, mavjud bog‘larga parvarish ko‘rsatilmoqda. Viloyatda «Mustaqil, boqiy Betaraf Turkmaniston – samoviy tulporlar makoni» yilida ham umumxalq ko‘chat ekish tadbirini yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish maqsadida tayyorgarlik ishlari keng quloch yoymoqda. Viloyat bo‘yicha asosiy ko‘chat ekish tadbiri 21-mart kuni Turkmanobod – Mari avtomobil yo‘lining sharqiy qismida, viloyat ko‘p tarmoqli savdo bozori yaqinidagi 10 gektar maydonda o‘tkazilishi va o‘sha kuni bu yerda 4 ming tup ignabargli daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan.
Umumxalq ko‘chat ekish tadbirida butun mintaqa bo‘ylab keksa avlod vakillari, turli soha xodimlari, talaba yoshlar – jami 52 mingdan ortiq kishi ishtirok etishi kutilmoqda. Ahillik, ona Vatanga sadoqat, turkman tabiatiga bo‘lgan cheksiz muhabbat ramzi bo‘ladigan ushbu tadbirda jami 44 ming 700 tup mevali, ignabargli, soyali va uzum ko‘chatlari, shu jumladan, tut ko‘chatlari o‘tqaziladi hamda mavjud bog‘lar parvarish qilinadi. Tadbir uchun ko‘chatlar asosan viloyat va tuman o‘rmon xo‘jaligi idoralari, dehqon birlashmalari hamda tumanlardagi korxona va tashkilotlar tomonidan yetkazib beriladi.
Umumxalq ko‘chat ekish tadbirining yurtimizda yuqori ko‘tarinkilik bilan nishonlanadigan Milliy bahor bayrami – Xalqaro Navro‘z kuni bilan uyg‘unlashishi Berkarar Diyorimizda to‘y-tantanalarning qo‘shaloq kelayotganidan dalolat beradi. Tadbir doirasida turli xil daraxt ko‘chatlari va gullarning ajoyib ko‘rgazmasi tashkil etilishi, madaniyat va san’at xodimlarining chiqishlari ushbu tadbirga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlab, Berkarar davlatning yangi davri Uyg‘onish davrining go‘zal qiyofasini aks ettiradi.
Keywords