Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining Qirg‘izistondagi qismida ilk tunnel qurilishida muhim bosqich yakunlandi. Loyihani amalga oshirayotgan kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Kosh-Dobo Shimoliy №2 tunnelining burg‘ulash ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.

Uzunligi 209,6 metr bo‘lgan mazkur tunnel Qirg‘iziston hududida loyiha bo‘yicha amalga oshirilgan ilk tunnel hisoblanadi. Uning qurilishiga 2025-yilning iyun oyida kirishilgan edi.

Hozirgi kunga qadar loyiha doirasida 27 ta tunnel, 43 ta ko‘prik va 88 ta temir yo‘l poydevorining qurilishi boshlandi. Shuningdek, 20 ta temir yo‘l stansiyasida ham qurilish ishlari olib borilmoqda.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalaridan biridir. Temir yo‘l Xitoyning Sinszyan-Uyg‘ur avtonom viloyatidagi Qashqar shahridan boshlanib, Qirg‘izistonning Jalolobod shahri orqali O‘zbekistonning Andijon shahrigacha cho‘ziladi.

Loyihaning umumiy uzunligi 500 kilometrdan oshishi, Qirg‘iziston hududidan o‘tadigan qismi esa 304,84 kilometrga yetishi kutilmoqda.

Yangi temir yo‘l Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida qo‘shimcha transport aloqasini yaratish bilan birga, mintaqadagi savdo va logistika imkoniyatlarini kengaytirishga sharoit yaratadi. Transport yo‘lagining ishga tushirilishi yuklarni tashish vaqtini qisqartirishga va logistika xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi.

Temir yo‘l, birinchi navbatda, dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni bo‘lmagan Qirg‘izistonning xalqara bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston uchun ham yangi savdo yo‘llarining ochilishiga, Xitoy uchun esa Markaziy Osiyo bilan transport-logistika aloqalarini diversifikatsiya qilishga sharoit yaratadi.

Ilk tunnel burg‘ulash ishlarining yakunlanishi ko‘p yillik loyihaning qurilish bosqichidagi muhim natijalardan biri sifatida baholanmoqda. Kelgusida mazkur temir yo‘l uch davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash, sarmoyaviy hamkorlik va mintaqaviy iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.