
Turkman xalqining Milliy Lideri, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Xitoyga amalga oshirgan do‘stona tashrifi doirasida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov nomidan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Gadirli ismli axaltaka tulporini sovg‘a qildi. Bu haqda chorshanba kuni Turkmaniston rasmiy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Si Szinpin ushbu ajoyib sovg‘ani minnatdorchilik bilan qabul qilib, Xitoyda axaltaka otlariga katta hurmat bilan qaralishini ta’kidladi. Do‘st mamlakat rahbari, shuningdek, Turkmaniston mashhur axaltaka otlarining vatani ekanligini, bundan 12 yil avval ham unga Gahriman ismli axaltaka oti sovg‘a qilinganini eslatib o‘tdi.
XXR Raisi turkman xalqining “Ot — murod”, “Ot ag‘nagan yerda to‘y bo‘lar” kabi hikmatli so‘zlarini misol keltirib, Turkmaniston Prezidenti nomidan Gadirli ismli tulporning sovg‘a qilinishi nafaqat o‘zi uchun, balki butun xitoy xalqi uchun ham katta hurmat ekanligini bildirdi va yana bir bor minnatdorchilik izhor etdi.
Xabarda ta’kidlanganidek, tulpor ot diplomatik sovg‘alar ichida eng qimmatlisi hisoblanib kelgan.
Bundan tashqari, tashrif davomida Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Si Szinpinga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning o‘zi uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtda mamlakatga tashrif bilan kelish haqidagi taklifnomasini topshirdi.
Keywords