
Xitoylik mutaxassislar pomidorning popkorn hidli yangi navini yaratdilar. Ushbu pomidor Xitoy Xalq Respublikasi sharqidagi Chjetszyan viloyatidagi tajriba issiqxonasida yetishtirildi. Pomidorning yangi navi haqida Qishloq xo‘jaligi fanlari ilmiy-tadqiqot institutining biotexnologiya tadqiqot instituti markaziy laboratoriyasi direktori o‘rinbosari Syuy Shenchun bayonot berdi. «South China Morning Post» gazetasida ushbu olimning quyidagi so‘zlari keltirilgan: «Bunday hidli pomidorning ixtiro qilinishi zamonaviy xaridorlarning ehtiyojlarini qondiradi va yuqori narxda sotiladi degan maqsaddan kelib chiqdik. Ushbu ta’mga erishganimizda pomidorning hosildorligiga hech qanday zarar yetmadi». Ilmiy tadqiqot davomida olimlar ikkita hid genini bloklaganlar. Shundan so‘ng pomidor o‘ziga xos bo‘lmagan hid chiqara boshlagan. U hid esa xuddi yog‘da qovurilgan issiqgina popkornning hidiga juda o‘xshash bo‘lib chiqdi. Pomidor dunyoning deyarli barcha oshxonalarida talab yuqori bo‘lgan sabzavotdir. Pomidorning turli navlari ustida ishlayotgan xitoylik mutaxassislar ushbu talablar ortida yo‘qolib borayotgan bir haqiqat borligiga e’tibor qaratdilar. Bu ham bo‘lsa — pomidorlarning an’anaviy ta’mi va hidining sekin-asta yo‘qolib borayotganidir. Endi olimlar pomidorni o‘ziga xos ta’m va hidlar bilan boyitishni maqsad qilmoqdalar. «Pomidorning ushbu yangi navining gullash vaqti, bo‘yi, hosil vazni, tarkibidagi shakar va organik kislota darajasi o‘zgarishsiz qoldi», deb tushuntirish berdi xitoylik mutaxassislar.
Keywords