
Mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning maqsadi yurtni zamonaviylashtirish, xalqning farovon hayoti va osoyishtaligining har tomonlama mukammalligini ta’minlashdan iboratdir. Hozirgi davrda Turkmaniston iqtisodiyotida yirik, o‘rta va kichik korxonalar bilan bir qatorda, oilaviy va yakka tartibdagi mehnatga asoslangan tadbirkorlik faoliyati ham faol olib borilmoqda. «Kichik va o‘rta tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi Turkmaniston Qonuniga muvofiq, mamlakatimiz iqtisodiyotining harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan xususiy mulkdorlar soni tobora ortib bormoqda. Ayollarning qonun chiqaruvchi hamda davlat boshqaruvi idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlashi turkman xotin-qizlarining jamiyatda tutgan o‘rni yanada mustahkamlanayotganidan, shuningdek, ularga nafaqat yosh avlodni munosib tarbiyalashda, balki jamiyatning jadal va zamonaviy rivojlanishini ta’minlashda ham alohida o‘rin tegishli ekanidan dalolat beradi. Bugun ayol — olima, ayol — tadbirkor, ayol — Vatan himoyachisi, ayol — davlat arbobi. Ular yurtimizning gullab-yashnashiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar. Ishbilarmon ayollar mamlakatimizning nafaqat iqtisodiy sohasida, balki ijtimoiy-siyosiy hayotida ham katta o‘rin egallaydilar. Turkmaniston Xotin-qizlar birlashmasi qoshida ham ishbilarmon ayollar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu markaz a’zolari mamlakatimizning xususiy sektorida mehnat qilayotgan ayollar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish bilan birga, turkman xotin-qizlarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishda, bu boradagi ilg‘or tajribalarni yoyishda yuqori faollik ko‘rsatmoqdalar. Hammamizga ma’lumki, yurtimizda har yili tantanali ravishda nishonlanadigan 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Turkmaniston Xotin-qizlar birlashmasining Markaziy kengashi tomonidan e’lon qilinadigan «Yil ayoli» tanlovida barcha tarmoq vakillari bilan bir qatorda tadbirkor ayollar ham faol ishtirok etadilar. Bu galgi tanlovda ham iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan ayollarimiz «Yilning ustozi» unvonini olish uchun bellashdilar. Ushbu tanlovda «Mamlakat bozor iqtisodiyoti va tadbirkorligini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» yo‘nalishi bo‘yicha «Yilning tadbirkor ayoli» unvoniga Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi a’zosi, Mari viloyatining Mari shahridan bo‘lgan tadbirkor Mehri Jojukova munosib ko‘rildi.
Keywords