O‘zbekistonning Yangi Toshkent shahrida bunyod etilgan ulkan musiqa favvorasi ikki yo‘nalish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Yangi rekordlarni tasdiqlovchi sertifikatlar Guinness World Records tashkilotining rasmiy hakami Meggi Lo tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Favvora «Ochiq maydondagi eng baland musiqa favvorasi» yo‘nalishi bo‘yicha o‘zining ilk rekordini o‘rnatdi. Uning suv otish balandligi 232,69 metrga yetadi. Shu tariqa, avvalgi jahon rekordi bo‘lgan 204,7 metrdan qariyb 28 metr yuqori natija ko‘rsatildi.
Inshootning ikkinchi yutug‘i esa dumaloq shakldagi suv ekraniga tasvir proyektsiyasi bo‘yicha qayd etildi. Suv ekranining maydoni 2617,23 kvadrat metrga teng bo‘lib, bu avvalgi 2400 kvadrat metrlik rekorddan sezilarli darajada yuqoridir.
Yangi Toshkentda qurilgan ushbu yirik gidrotexnik majmua poytaxtning muhim sayyohlik markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Shuningdek, u mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar uchun jozibali dam olish maskanlaridan biriga aylanishi taxmin qilinmoqda.
Yangi rekordlar O‘zbekistonning zamonaviy shaharsozlikdagi yirik loyihalarining xalqaro miqyosda tan olinishiga ham o‘z hissasini qo‘shdi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.