
2026-yil 18-mart kuni Chiba universitetida 2026-yilning «Mustaqil, doimiy Neytral Turkmaniston — bedov otlar manzili» shioriga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbir Turkmanistonning Yaponiyadagi elchixonasi hamda oliy oʻquv yurti rahbariyati bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu haqda Turkmaniston TIV rasmiy sayti xabar bermoqda.
Tadbirda Chiba universiteti prezidenti Koutaro Yokote, Turkmanistonning Yaponiyadagi elchisi A. Bayramov, Yaponiya Oliy tibbiyot universiteti dekani, Tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti direktori M. Takasi, Tokio universiteti professori va Turkman-yapon ilmiy-texnik hamkorlik assotsiatsiyasi raisi H. Koinuma hamda universitet professor-oʻqituvchilari ishtirok etdilar.
Chiqishlar davomida ishtirokchilar 2026-yil shiorining ahamiyatini qayd etib, Turkmaniston erishgan yutuqlarga eʼtibor qaratdilar. Axaltaka otlarining madaniy va tarixiy qiymati, shuningdek, mamlakatda ushbu otlarni ilmiy asosda oʻrganish va xalqaro miqyosda targʻib qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida soʻz bordi.
Turkmaniston elchisi oʻz nutqida mamlakat tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari, davlat yoshlar siyosati hamda Prezident Serdar Berdimuhamedov va Milliy yetakchi Gurbanguli Berdimuhamedovning tashabbuslarini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, 2026-yilda Turkmaniston Mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlariga alohida toʻxtaldi.
Tadbir davomida tomonlar tibbiyot, sogʻliqni saqlash va axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Elchi universitet rahbariyatini Turkmanistonga kelishga va Arkadag shahridagi Tibbiyot klasteri loyihasini amalga oshirishda qatnashishga taklif qildi.
Keywords