
2026-yil 25-mart kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mahri Bashimova hamda Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Bosh direktorati (DG INTPA) Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘limi rahbari Sharlotta Adrian o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston TIV saytida xabar berilgan.
Uchrashuv davomida Turkmaniston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy masalalarini ham ko‘rib chiqdilar. Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida transport-tranzit bog‘liqligini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar kun tartibida energetika sohasidagi hamkorlik masalalari alohida o‘rin egalladi. Tarmoqlararo muloqotni, jumladan, energetika bo‘yicha amaldagi hamkorlik formati doirasida davom ettirishga, shuningdek, yashil o‘sish va iqlim o‘zgarishi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga o‘zaro qiziqish bildirildi.
Suhbatdoshlar madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari bo‘yicha ham fikr almashdilar. Xususan, Turkmanistonda va mintaqada yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, barqaror energetika, savdo, raqamli aloqa va boshqa sohalarga qaratilgan Yevropa Ittifoqining qator dastur va loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Turkmaniston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni ikki tomonlama formatda hamda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” muloqoti doirasida yanada mustahkamlashga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.
Keywords