Ashxabod shahrida voleybol boʻyicha 2010-yilda tugʻilgan oʻsmir oʻgʻil bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan Turkmaniston chempionatida viloyatimiz terma jamoasi musobaqaning gʻolibi boʻlib, birinchi oʻringa munosib koʻrildi. Mamlakatimizning eng qobiliyatli va kuchli 10 ta jamoasi ishtirokida oʻtgan ushbu murosasiz bellashuvda viloyatimiz yosh voleybolchilari yuqori tayyorgarlik koʻrsatib, alohida ajralib turdilar. Ushbu quvonchli muvaffaqiyatga erishilishida jamoaning har bir aʼzosining mehnati va munosib hissasi bor. Chempionat davomida oʻziga xos isteʼdodi va mahorati bilan oldinga chiqqan jamoaning asosiy oʻyinchilaridan biri — Mukam Merdanow musobaqa natijalariga koʻra «Eng yaxshi oʻyinchi» deb eʼlon qilindi va maxsus kubokka ega boʻldi. Bolalik yillaridan beri sport bilan faol shugʻullanib kelayotgan Mukam hozirgi vaqtda Turkmanobod shahridagi 10-sonli sport maktabida shugʻullanmoqda. U soʻnggi yillarda oʻzini ushbu sport turining haqiqiy ustalari biri sifatida tanitishga erishdi. Yosh sportchi tajribali murabbiyi Arslan Gylyjovning bergan oʻgit-nasihatlarini va mashgʻulot darslarida oʻrganganlarini oʻz mahorati bilan uygʻunlashtirib, kasbiy mahoratini borgan sari oshirib bormoqda. Oʻyin maydonchasida chaqqonligi, hujum qilish qobiliyati, raqiblarning zarbalarini usta tarzda qaytara olishi bilan tengdoshlaridan ajralib turadigan Mukam mashgʻulotda berilgan koʻrsatmalarni musobaqada samarali qoʻllay oladi. Bu esa unga nafaqat davlat darajasidagi chempionatlarda, balki viloyat musobaqalarida ham yuqori natijalarga erishishga va maxsus diplomlarga sazovor boʻlishga yordam beradi.