
Turkmaniston Davlat statistika qo‘mitasi raisi Davletgeldi Amanmuhammedov juma kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan yig‘ilishida 2025-yil yakunlari bo‘yicha 76 milliard 527,1 million kub metr tabiiy gaz va 8 million 382,3 ming tonna neft qazib olingani haqida hisobot berdi. Bu haqda Turkmaniston rasmiy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Davlat statistika qo‘mitasi raisi 2024-yilga nisbatan 2025-yilda dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 9,8 foizga, benzin 6,2 foizga, kerosin 5,4 foizga, neft bitumi 26,4 foizga, suyultirilgan uglevodorod gazlari 5,2 foizga, sement 40,9 foizga, armatura va temir mahsulotlari 22,3 foizga, qandolat mahsulotlari 10,1 foizga, kolbasa mahsulotlari 7,3 foizga, makaron mahsulotlari 5 foizga va sariyog‘ 2,9 foizga oshganini ma’lum qildi.
Xabarda ta’kidlanganidek, hisobot davrida paxta ip-kalavasi bo‘yicha sanoat mahsulotlari qiymati 11 foizga, paxta matolari bo‘yicha esa 16,7 foizga oshgan.
Shuningdek, Davletgeldi Amanmuhammedov 2025-yil yakunlari bo‘yicha transport va aloqa sohasida barcha turdagi transport vositalarining yuk aylanmasi 3,7 foizga, yo‘lovchi aylanmasi esa 5,3 foizga oshganini xabar qildi. Aloqa xizmatlari hajmi esa 19,6 foizga ko‘paydi.
Bundan tashqari, Turkmaniston qishloq xo‘jaligida 2024-yilga nisbatan sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish 11,8 foizga, poliz mahsulotlari 11,7 foizga, kartoshka 4,7 foizga, tuxum 8 foizga, sut 2,1 foizga oshdi. 2025-yilda iqtisodiyotning nodavlat sektorida ham ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilgani xabarda qayd etilgan.
Shuningdek, yig‘ilish davomida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 2026-yilda Ashxobod shahrining “Paraxat — 7” turar joy majmuasida 30 ta uy-joy va ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, Buzmeyin tumanidagi turar joy majmuasida 46 ta zamonaviy uy-joy, poytaxtda esa 127 ta ikki qavatli kottej tipidagi turar joy binolari foydalanishga topshirilishini aytdi.
Keywords