
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov juma kuni boʻlib oʻtgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan yigʻilishida 2025-yilda yirik va oʻrta korxonalarda jami 7 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratilganini aytdi.
“Iqtisodiyotimizning yuqori oʻsish sur’atlarini saqlab qoldik. Yalpi ichki mahsulot oʻsishi 6,3 foizni, jumladan, sanoatda 1,8 foizni, savdoda 9,6 foizni, qishloq xoʻjaligida esa 7 foizni tashkil etdi. Investitsiyalar 6 foizga oshdi”, — deb ta’kidladi Turkmaniston davlat rahbari. Bu haqda Turkmaniston rasmiy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Turkmaniston Prezidenti oʻtgan yili barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 116 ta ishlab chiqarish va madaniy-maishiy ob’ektlar, umumiy maydoni 645 ming kvadrat metr boʻlgan turar-joy binolari foydalanishga topshirilganini, qator muhim ob’ektlar qurilishi boshlanganini hamda mamlakat tarihidagi birinchi “aqlli” shahar boʻlgan Arkadag shahrining ikkinchi bosqichi qurilishi davom ettirilganini aytdi.
Yigʻilish davomida davlat rahbari 2026-yilda yalpi ichki mahsulot oʻsish sur’atini 6,3 foiz darajasida saqlab qolish, milliy iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni barqaror rivojlantirish, korxonalarni toʻliq quvvat bilan ishlatish va yangilarini qurish hisobiga 5 ming 300 ga yaqin yangi ish oʻrinlarini yaratish, kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish, YaIM tarkibida xususiy sektor ulushini 72,9 foizga yetkazish, shuningdek, 2026-yilda mamlakat iqtisodiyotiga jami 41,2 milliard manatga yaqin investitsiya yoʻnaltirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan yigʻilishida 2025-yilda mamlakatda amalga oshirilgan ishlar yakunlari sarhisob qilindi va tegishli rahbarlarning hisobotlari tinglandi. Shuningdek, 2026-yilgi vazifalar va kadrlar masalalari muhokama qilindi.
Keywords