
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Hojamyrat Geldimyradow juma kuni raqamli formatda o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasining navbatdagi yig‘ilishida, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan joriy yilning yanvar oyida jami ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 10 foizga oshganini ma’lum qildi.
Turkmanistonning rasmiy ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 6,3 foizni tashkil etdi. Jumladan, sanoatda o‘sish sur’ati 2 foiz, qurilishda 6 foiz, transport-aloqa sohasida 9,3 foiz, savdoda 8,2 foiz, qishloq xo‘jaligida 2 foiz va xizmatlar sohasida 8,5 foizga teng bo‘ldi.
Bosh vazir o‘rinbosari chakana savdo aylanmasi 10,1 foizga oshganini, shuningdek, davlat byudjeti daromad qismi rejasi 102,2 foizga, xarajat qismi rejasi esa 97,1 foizga bajarilganini qayd etdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, hisobot davrida byudjetdan moliyalashtiriladigan va xo‘jalik hisobidagi davlat korxonalarida ish haqlari, pensiyalar, davlat nafaqalari hamda talaba stipendiyalari o‘z vaqtida moliyalashtirildi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedow hisobotni tinglab, iqtisodiyot, moliya va bank tizimi faoliyatini takomillashtirish ishlarini davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan davlat rahbari bosh vazir o‘rinbosariga 2026 yilda mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlarini barqaror saqlash hamda tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirishni topshirdi.
Keywords