Turkmanistonda 2027-yil uchun umumdavlat soliqlaridan tushadigan mablag‘larning Ashxobod va Arkadag shaharlari, shuningdek, viloyatlar budjetlariga o‘tkaziladigan ulushlari me’yorlari tasdiqlandi. Ushbu qoidalar Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov imzolagan Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunda nazarda tutilgan. Bu haqda «Neýtralnyý Türkmenistan» gazetasi xabar beradi.

Qonunning 3-moddasiga muvofiq, tegishli ulushlar qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i va yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun olinadigan soliq bo‘yicha belgilandi.

Ashxobod shahri budjetiga qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i tushumlarining 4,8 foizi, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun olinadigan soliq tushumlarining esa 7 foizi o‘tkaziladi.

Arkadag shahri uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i bo‘yicha 100 foiz, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun olinadigan soliq bo‘yicha esa 0 foiz miqdorida me’yor belgilandi.

Ahal viloyatiga qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlarining 100 foizi, foyda solig‘i tushumlarining 99 foizi va yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun olinadigan soliq tushumlarining 100 foizi yo‘naltiriladi. Bolqon viloyatida ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 23, 22 va 23 foizni tashkil etadi.

Dashoguz viloyati budjetiga qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i tushumlarining 100 foizi o‘tkaziladi, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun olinadigan soliq bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 0 foizni tashkil etadi.

Lebap viloyati budjetiga soliqlarning uchala turi bo‘yicha ham 100 foizdan, Mari viloyati budjetiga esa 73 foizdan mablag‘ yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Turkmanistonning 2027-yil uchun Davlat budjeti daromadlari va xarajatlari 138 milliard 68 million 400 ming manat miqdorida tasdiqlangan.