Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 2027-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunni imzoladi. Hujjatga muvofiq, kelgusi yil uchun Davlat budjetining daromadlari va xarajatlari 138 milliard 68 million 400 ming manat miqdorida belgilandi. Bu haqda «Neýtralnyý Türkmenistan» gazetasi xabar beradi.
Taqqoslash uchun, 2026-yilgi Davlat budjeti 131 milliard 845 million manat miqdorida tasdiqlangan edi.
Qonunning 1-moddasiga ko‘ra, Davlat budjetining umumiy hajmida birinchi darajali budjet ulushiga 36 milliard 500 million manat to‘g‘ri keladi. Markaziy budjet esa 125 milliard 823 million 700 ming manat miqdorida tasdiqlandi. Shundan uning birinchi darajali budjeti 24 milliard 255 million 300 ming manatga teng.
Hujjatning 3-moddasida qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i va yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun olinadigan soliqdan tushadigan mablag‘larning Ashxobod va Arkadag shaharlari, shuningdek, viloyatlar budjetlariga o‘tkaziladigan ulushlari me’yorlari belgilangan.
Qonunning 4-moddasiga muvofiq, mahalliy budjetlar muvozanatini ta’minlash maqsadida Markaziy budjetdan 3 milliard 303 million 300 ming manat ajratiladi. Ushbu mablag‘larning 271 million 300 ming manati Arkadag shahriga, 1 milliard 879 million 300 ming manati Dashoguz viloyatiga, 1 milliard 152 million 700 ming manati esa Lebap viloyatiga yo‘naltiriladi.
5-moddaga ko‘ra, mahalliy budjetlarning umumiy hajmi 15 milliard 548 million manatni tashkil etadi. Jumladan, Ashxobod shahrining budjeti 2 milliard 743 million 300 ming manat, Arkadag shahriniki esa 323 million 500 ming manat etib belgilandi. Ahal viloyatining budjeti 1 milliard 894 million 200 ming manat, Bolqon viloyatiniki 1 milliard 664 million 500 ming manat, Dashoguz viloyatiniki 2 milliard 812 million manat, Lebap viloyatiniki 3 milliard 128 million manat, Mari viloyatiniki esa 2 milliard 982 million 500 ming manatni tashkil etadi.
Qonunda Davlat budjetining himoyalangan xarajat moddalari ham alohida belgilangan. Ular qatoriga ish haqi, pensiyalar, davlat nafaqalari va stipendiyalar kiradi.
Shuningdek, budjet taqchilligi yuzaga kelgan taqdirda uni moliyalashtirish manbalari ham belgilandi. Ushbu maqsadda qonunchilikka muvofiq davlat qarzlari va budjet mablag‘larining shakllangan qoldiqlaridan foydalanish mumkin. Qo‘shimcha tushumlar, shuningdek, daromadlarning xarajatlardan ortgan qismi birinchi navbatda bank kreditlari bo‘yicha qarzdorlikni qoplash va davlatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Hujjatda Moliya va iqtisodiyot vazirligining budjet ko‘rsatkichlarini tegishli qonunchilik hujjatlariga muvofiq aniqlashtirish bo‘yicha vakolatlari ham belgilangan. Zarur hollarda Markaziy va mahalliy budjetlarni ijro etish jarayonida ayrim xarajat moddalari bo‘yicha tejalgan mablag‘lar boshqa xarajatlarga yo‘naltirilishi mumkin.
Bundan tashqari, majburiy davlat pensiya sug‘urtasi bo‘yicha pensiya to‘lovlari Pensiya jamg‘armasi budjetida rejalashtirilgan daromadlardan ortiq tushgan taqdirda, jamg‘armaga o‘tkaziladigan to‘lovlar Davlat budjetining xarajatlar rejasidan ortiq miqdorda amalga oshirilishi mumkin. Avtomobillarni sotishdan hamda avtotransport vositalari egalaridan undiriladigan yig‘imlardan tushadigan daromadlar rejalashtirilgan ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lgan taqdirda ham tegishli mablag‘larni Avtomobil yo‘llari vazirligining maxsus hisob raqamiga rejadan ortiq o‘tkazish nazarda tutilgan.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.