AQSh federal sudi Prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan xorijiy talabalarning mamlakatda bo‘lish muddatini cheklash maqsadida taklif etilgan yangi qoidani bekor qilish haqida qaror qabul qildi. Natijada F-1 talabalik vizasi asosida tahsil olayotgan xorijiy fuqarolar uchun avvaldan amal qilib kelgan «Duration of Status» (D/S) tizimi saqlab qolindi.

2026-yil 16-noyabr kuni Massachusets shtati Federal okrug sudi AQSh Ichki xavfsizlik vazirligining (DHS) yangi qoidasini bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Ma’muriyat tomonidan ilgari surilgan taklifga ko‘ra, xorijiy talabalarning AQShda bo‘lish muddati, odatda, to‘rt yil bilan cheklanishi ko‘zda tutilgan edi. Shuningdek, o‘qishni tamomlagan talabalarga mamlakatni tark etish yoki immigratsion maqomini qonuniy asosda o‘zgartirish uchun beriladigan qo‘shimcha 60 kunlik muddatni 30 kungacha qisqartirish rejalashtirilgan edi.

Bundan tashqari, talabalarning universiteti yoki mutaxassislik yo‘nalishini o‘zgartirishiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etish taklif qilingan edi.

Sud qaroriga ko‘ra, xorijiy talabalar uchun «Duration of Status» tizimi o‘z kuchida qoladi. Shu tariqa, ularning AQShda tahsil olish muddatini to‘rt yil bilan cheklash haqidagi qoida bekor qilindi. O‘qishini yoki tegishli OPT muddatini yakunlagan F-1 vizasi egalari uchun 60 kunlik qo‘shimcha muddat ham saqlanib qoldi. Universitet va mutaxassislik yo‘nalishini o‘zgartirishga oid avvalgi qoidalar amal qilishda davom etadi.

Sud yangi qoidani qabul qilish jarayonida AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi tegishli qonunchilik talablariga rioya qilmaganini aniqladi. Shunga qaramay, Tramp ma’muriyati ushbu qaror ustidan yuqori sud instansiyasiga shikoyat qilish huquqini saqlab qoladi.

Shunday qilib, qabul qilingan qaror AQShda tahsil olayotgan xorijiy talabalarning mamlakatda bo‘lish muddati, o‘qishni tugatgandan keyingi qo‘shimcha kunlari hamda ta’lim shartlarini o‘zgartirish imkoniyatlariga doir avvalgi qoidalarning amal qilishini ta’minlaydi.