2026-yil 23-noyabr kuni Turkmanistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan Sunway universitetida tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida xabar berildi.

Uchrashuv davomida Turkmaniston elchisi talabalarga davlat yoshlar siyosatining asosiy yo‘nalishlari, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda ularning ta’lim, ilm-fan va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.

Suhbat chog‘ida Turkmanistonning «Davlat yoshlar siyosati to‘g‘risida»gi Qonuni, 2023–2030-yillarga mo‘ljallangan yoshlar masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlik strategiyasi, shuningdek, 2031-yilgacha bo‘lgan davrda davlat yoshlar siyosati sohasidagi Davlat dasturiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida yoshlarning tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi ishtirokini kengaytirish hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan Turkmanistonning xalqaro tashabbuslari muhokama qilindi. Bu yo‘nalishlarda mamlakatning doimiy betaraflik huquqiy maqomi muhim ahamiyatga ega ekani ham ta’kidlandi.

Uchrashuvda ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikning Turkmaniston va Malayziya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi o‘rni yuzasidan ham fikr almashildi. Talabalarga Malayziya qonunchiligiga rioya qilish, mamlakatning milliy urf-odatlari va ijtimoiy me’yorlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Uchrashuv yakunida talabalarning o‘qish va yashash sharoitlari bilan qiziqildi hamda ularning savollariga javob berildi.