
Ashxobod shahri hokimi Rahim Gandimov Oʻzbekiston elchisi Ravshanbek Alimov bilan uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Tomonlar turkman-oʻzbek munosabatlari barcha yoʻnalishlarda barqaror rivojlanayotganini, poytaxt shaharlar oʻrtasidagi hamkorlik ham faol mustahkamlanayotganini taʼkidladilar.
Uchrashuvda birodarlashgan shaharlar toʻgʻrisidagi kelishuvni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini koʻpaytirish, investitsiya loyihalarini birgalikda hayotga tatbiq etish va madaniy-gumanitar tadbirlar sonini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ashxoboddagi “Toshkent” va Toshkentdagi “Ashxobod” dam olish bogʻlariga alohida eʼtibor qaratildi, ular ikki xalq doʻstligining ramzi sifatida qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar muhim davlat sanalariga bagʻishlangan madaniy tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqdilar.
Uchrashuv davomida xalqaro forum va tadbirlarda oʻzaro ishtirokni faollashtirishga qiziqish bildirilayotgani tasdiqlandi.
Keywords