
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Bahar Seyidova juma kuni raqamli tizim orqali o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasining navbatdagi majlisida “Turkmentravel — 2026” deb nomlangan xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi va konferensiyasini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida hisobot berdi.
Turkmaniston rasmiy matbuotining xabar berishicha, ko‘rgazmani shu yilning aprel oyida Ashxobod shahrida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, forum doirasida Butunjahon sayyohlik tashkiloti tomonidan o‘quv seminari, “davra suhbati” shaklidagi ishchi uchrashuvlar hamda ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Vitse-premyer hozirgi vaqtda forumda ishtirok etishni xohlovchilarni ro‘yxatga olish ishlari davom etayotganini aytdi. Shu munosabat bilan Bahar Seyidova Turkmaniston davlat rahbarining ko‘rib chiqishi uchun tegishli taklifni taqdim etdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hisobotni tinglab, mamlakat sayyohlik tarmog‘ini rivojlantirishga va bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga katta ahamiyat berilayotganini ta’kidladi. Davlat rahbari vitse-premyerga Ashxobodda o‘tadigan “Turkmentravel — 2026” xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasiga munosib tayyorgarlik ko‘rish hamda uni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha tegishli topshiriqlarni berdi.
Majlisda davlat hayotiga daxldor boshqa bir qator muhim masalalar ham ko‘rib chiqildi va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Keywords