Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) Ashxoboddagi markazi turkmanistonlik talabalar uchun xalqaro gumanitar huquqqa bag‘ishlangan uch kunlik o‘quv seminarini tashkil etdi. Mashg‘ulotlar davomida qurolli mojarolar vaqtida va mojarolardan keyingi davrda inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv seminari Xalqaro gumanitar fanlar va rivojlanish universiteti bazasida o‘tkazildi. Unda ushbu oliy ta’lim muassasasi, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro munosabatlar instituti hamda Turkmaniston Ichki ishlar vazirligi institutining huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari va o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Tadbir davomida jami 50 ga yaqin ishtirokchi xalqaro huquqning muhim masalalarini muhokama qildi.
Mashg‘ulotlarni Avstriyadan kelgan xalqaro huquq mutaxassislari olib bordilar. Ular xalqaro gumanitar huquq va xalqaro jinoyat huquqining o‘ziga xos jihatlari, qochqinlar va migrantlarning huquqlarini himoya qilish me’yorlari, shuningdek, xalqaro huquqiy standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish usullarini batafsil tushuntirdilar.
Bundan tashqari, ayollar, bolalar va aholining alohida himoyaga muhtoj boshqa guruhlari huquqlarini ta’minlashning huquqiy vositalari, shuningdek, huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortishning xalqaro mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
YXHTning Ashxoboddagi markazi rahbari Uilyam Lif xalqaro huquq normalari va YXHT majburiyatlarini chuqur anglash bo‘lajak turkmanistonlik huquqshunoslar, yosh diplomatlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kasbiy faoliyatida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ushbu o‘quv seminari yosh mutaxassislarning xalqaro huquq bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirish, nazariy jihatdan o‘rganilgan me’yorlarning amaliy ahamiyatini tushunish hamda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.