«Barselona» futbol klubining «Barça Academy» akademiyasi rasmiy Instagram sahifasida «Barça Academy Manas» jamoasi safida to‘p surayotgan yosh turkmanistonlik futbolchi Artyom Chernovning yutuqlariga bag‘ishlangan post e’lon qilindi. Bu haqda «MilliInfo» nashri xabar beradi.

Akademiya tomonidan joylangan postda 15 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tashkil topgan Turkmaniston milliy terma jamoasining FIFA U-15 jahon chempionatidagi ishtiroki alohida qayd etildi. Mazkur musobaqada terma jamoa safida maydonga tushgan Artyom Chernov o‘zining samarali o‘yini bilan ajralib turdi. U turnir davomida oltita gol urib, jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.

«Barça Academy» yosh futbolchiga ingliz tilida murojaat qilib, uning erishgan natijasi kelajakdagi yanada katta yutuqlar uchun debocha bo‘lishini ta’kidladi. Akademiya Artyomga samarali o‘yinlarini davom ettirishni va oldinda yangi muvaffaqiyatlarga erishishni tiladi.

Turkmanistonlik yosh futbolchining xalqaro sport hamjamiyati e’tiborini qozonishi uning kelgusidagi rivoji uchun muhim ahamiyatga ega.