
O‘tgan hafta Rossiya Federatsiyasining Bashqirdiston Respublikasidan Turkmanistonga temir yo‘l orqali granulalangan raps shrotining dastlabki partiyasi jo‘natildi. Bu haqda dushanba kuni “Uchalinskaya gazeta” nashri xabar berdi.
Mahsulot yog‘ ishlab chiqaruvchi zavodda tayyorlanib, “Rosselxoznadzor” mutaxassislari tomonidan fitosanitariya nazoratidan o‘tkazildi.
Yirik va mayda qoramollar hamda parrandalar uchun mo‘ljallangan yuqori oqsilli yem qo‘shimchasining umumiy hajmi 213 tonnani tashkil etib, sinov tariqasida uch bosqichda rasmiylashtirildi. Laboratoriya tekshiruvlari raps shrotining sifati Turkmanistonning fitosanitariya talablariga to‘liq mos kelishini tasdiqladi.
Raps shrotining jo‘natilishi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xomashyo bo‘lmagan eksportni rivojlantirishga qaratilgan “Xalqaro kooperatsiya va eksport” milliy loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Keywords